“Perspektywy”: Markaziy Osiyo xalqaro ta’lim hamkorligini rivojlantirish uchun ulkan salohiyatga ega
Noyabr 09, 2026. 14:30 • 2 daq
• 28
VARSHAVA, 9-noyabr. /“Dunyo” AA/. Polshaning “Perspektywy” portali Toshkentda bo‘lib o‘tgan va 1,5 mingdan ortiq ishtirokchini birlashtirgan “Central Asia International Education Forum” (CAIEF) xalqaro ta’lim forumiga bag‘ishlangan maqolani e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada qayd etilishicha, forumda sakkiz davlat – Markaziy Osiyoning beshta davlati, shuningdek, Polsha, Turkiya va Pokiston vazirlari ishtirok etgan. Polsha akademik delegatsiyasi tarkibidan 25 kishi, jumladan, olti nafar rektor va besh nafar prorektor o‘rin olgan. Shuningdek, tadbirda Polshaning O‘zbekistondagi elchisi Marian Pshezdetskiy va Polsha fan va oliy ta’lim vaziri Marchin Kulyasek ham qatnashdi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan “Perspektywy” ta’lim fondi asoschisi va “IREG Observatory on Academic Ranking and Excellence” prezidenti Valdemar Sivinskiy Markaziy Osiyoning ulkan salohiyatini ta’kidlab o‘tdi. U mintaqaning asosiy ustunliklari qatorida boy tabiiy resurslar, rivojlangan qishloq xo‘jaligi, turistik imkoniyatlar va yosh aholini ko‘rsatib o‘tdi.
Ma’ruzada ta’lim va fanning mintaqa taraqqiyotidagi o‘rni, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yevropa o‘rtasidagi akademik aloqalarni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Polshalik ekspertning baholashiga ko‘ra, universitetlarning hamkorligi, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalari va doktorantlarni tayyorlash dasturlari o‘zaro munosabatlarning yanada yuqori bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi. Bunda O‘zbekiston nafaqat xorijga talablar yuboradigan mamlakat, balki xalqaro ilmiy-ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda to‘laqonli sherik sifatida ham ko‘rilmoqda.
Nashrning qayd etishicha, oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va xorijiy, eng avvalo, Yevropa ta’lim muassasalari bilan sheriklikni kengaytirish Markaziy Osiyo oliy ta’lim tizimini rivojlantirish uchun istiqbolli imkoniyatlarni ochadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi