Logo

Londonda moliya sohasidagi yetakchi xalqaro kompaniya bilan hamkorlik masalasi muhokama qilindi

Yanvar 09, 2026. 12:21 • 54 soniya

113
Londonda moliya sohasidagi yetakchi xalqaro kompaniya bilan hamkorlik masalasi muhokama qilindi

LONDON, 10-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmanov “Bloomberg” kompaniyasining Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalar bo‘yicha direktori Sallianna Teylor bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Suhbatdosh moliyaviy liberalizatsiya bo‘yicha O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil saʼy-harakatlarni yuqori baholadi. “Bloomberg” o‘zining turli platformalari orqali investorlar eʼtiborini rivojlanayotgan bozorlarga, jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasiga qaratayotgani aytildi.

Uchrashuvda alohida eʼtibor “Bloomberg”ning O‘zbekiston bilan kapital bozorlarni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlariga qaratildi. Moliyaviy sohada faoliyat yurituvchi xodimlar malakasini oshirish, seminar va qo‘shma o‘quv-dasturlarini tashkil etish borasida fikr almashildi.

Xorij tomoni mazkur yo‘nalishlarda O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari bilan hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini maʼlum qildi.

“Bloomberg L.P.” moliya, dasturiy taʼminot, maʼlumotlar va media yo‘nalishida faoliyat yurituvchi global kompaniya. Tahlil, aksiyalar savdosi platformasi kabi moliyaviy dasturiy vositalar, korporativ ilovalar, maʼlumot xizmatlari hamda axborot mahsulotlarini taqdim etadi. Kompaniya tarkibiga “Bloomberg News” AA, “Bloomberg Television” televideniye tarmog‘i, “Bloomberg Radio” radiostansiyalari, “Bloomberg Businessweek” va “Bloomberg Markets” jurnallari, turli veb-saytlar hamda obuna asosida taqdim etiladigan axborotnomalar kiradi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish