Logo

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi 2026-yilning dunyodagi eng go‘zal muzeylari ro‘yxatiga kiritildi

Mart 03, 2026. 12:28 • 3 daq

61
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi 2026-yilning dunyodagi eng go‘zal muzeylari ro‘yxatiga kiritildi

TOSHKENT, 3-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbariyati nomiga Parij shahridan nufuzli xalqaro me’moriy mukofot – Prix Versailles tanlov qo‘mitasidan rasmiy maktub kelib tushdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Markaz ma’lumotiga ko‘ra, ushbu maktubda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga ko‘ra 2026-yilning dunyodagi eng go‘zal muzeylari ro‘yxatiga kiritilgani ma’lum qilingan. Mazkur reyting innovasionlik, kreativ yondashuv, milliy merosni aks ettirish hamda ekologik samaradorlik kabi qat’iy mezonlar asosida shakllantiriladi. Prix Versailles bosh kotibi Jerom Guaden o‘z maktubida mazkur saralash munosabati bilan samimiy tabriklar yo‘llab, Markazning 2026-yilgi ro‘yxatda ishtirokini tasdiqlash bo‘yicha rasmiy yo‘riqnomani ham taqdim etgan.

Prix Versailles – zamonaviy me’moriy, madaniy va estetik muhitni shakllantirayotgan eng ilg‘or loyihalarni har yili e’tirof etuvchi dunyodagi eng nufuzli mukofotlardan biri hisoblanadi. Islom sivilizatsiyasi markazining mazkur ro‘yxatga kiritilishi uning konsepsiyasi, ramziy ma’nodorligi hamda Yevroosiyo gumanitar makoni rivojiga qo‘shayotgan hissasining xalqaro miqyosda e’tirof etilganini anglatadi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, Markaz nafaqat 2026-yilning eng go‘zal muzeylari ro‘yxatiga kiritilgan, balki 2026-yil uchun uchta oliy jahon unvonlaridan biriga da’vogarlik qilish huquqini ham qo‘lga kiritgan. Bular – Grand Prix Versailles, “Interyer” nominatsiyasi yoki “Eksterer” nominatsiyasidir. Jahon unvonlari sohiblarini tantanali e’lon qilish marosimi 2026-yil yakunida Parij shahridagi YUNYESKO qarorgohida yoki Mukofot kotibiyati tomonidan belgilanadigan boshqa qabul qiluvchi shaharda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

“Prix Versailles global ro‘yxatiga kiritilishi Markazning mintaqaning me’moriy dominantasi va O‘zbekistonning zamonaviy madaniy yuksalish ramzi sifatidagi maqomini yana-da mustahkamlaydi. Ushbu qaror mamlakatimiz Prezidenti muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning mualliflik loyihasi zamonaviy muzey va madaniy tashabbuslar orasida eng ahamiyatlilaridan biri sifatida yuksak baholanganini tasdiqlaydi”, – deya fikr bildirgan Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov.

Uning aytishicha, Markaz bugunning o‘zidayoq Markaziy Osiyodagi eng yirik gumanitar va ilmiy-madaniy majmua sifatida jahonda tan olingan.

Bunga Islom sivilizatsiyasi markazining “Smithsonian Magazine”, “BBC Travel”, “BBC History” va “National Geographic” kabi nufuzli xorijiy nashrlar va reytinglarda e’tirof etilgani yaqqol dalil bo‘ladi. Bu Markazni Lucas Museum of Narrative Art (Los-Anjeles), National Geographic Museum of Exploration (Vashington), London Museum (London) kabi jahon miqyosidagi yirik muzey tashabbuslari bilan bir qatorga qo‘yadi.

“CNN” telekanali Islom sivilizatsiyasi markazini “Zamonaviy davrning eng ko‘lamli madaniy loyihalaridan biri” deya ta’riflab, uning o‘ziga xos fazoviy ko‘rsatkichlarini alohida ta’kidlagan: inshoot o‘z o‘lchamlari jihatidan mashhur Hollywood yozuvidan to‘rt barobar baland va Oq uydan yetti barobar kattadir.

Bunday xalqaro e’tirof O‘zbekistonning jahon madaniy xaritasidagi o‘rni izchil mustahkamlanayotganini yaqqol namoyon etadi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi 2026-yil mart oyiga rejalashtirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish