Logo

Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda

Mart 03, 2026. 13:02 • 4 daq

38
Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda

AQSh fuqarolarini zudlik bilan 14 ta davlatni tark etishga chaqirdi

AQSh Davlat departamenti barcha fuqarolarini zudlik bilan Yaqin Sharqdagi o‘ndan ortiq davlatni tark etishga chaqirdi. Davlat departamenti so‘nggi kunlarda mintaqadagi bir qator davlatlarga safar qilmaslikni tavsiya qilgandi. So‘nggi tavsiya Bahrayn, Misr, Eron, Iroq, Isroil, bosib olingan G‘arbiy Sohil va G‘azo, Iordaniya, Kuvayt, Livan, Ummon, Qatar, Saudiya Arabistoni, Suriya, Birlashgan Arab Amirliklari va Yamanga tegishli.

Manba: Al Jazeera

***

Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tishga uringan kemalar o‘qqa tutilishi mumkin

Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusiga yaqin manbalar tarqatgan bayonotda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi “yopilgani” va u yerdan o‘tishga harakat qilgan kemalarga o‘q uzilishi mumkinligi aytildi. Biroq rasmiy kanallar orqali bo‘g‘oz yopilgani haqida hozircha huquqiy kuchga ega rasmiy xabar kelmagani bildirilmoqda.

Manba: Reuters

***

Ispaniya AQShga Eronga hujumda uning bazalaridan foydalanishni taqiqladi

Ispaniya Eronga qarshi hujumlar uchun AQShga Rota va Moron harbiy bazalaridan foydalanishga ruxsat bermaydi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares ma’lum qilgan. U AQSh va Ispaniyaning qo‘shma boshqaruvida bo‘lgan, ammo Ispaniya suvereniteti ostida qolayotgan bazalar harbiy operatsiyada ishtirok etmasligini ta’kidlagan.

Manba: Ispaniya tashqi ishlar vaziri

***

Narkobaron “El Mencho” oltin tobutda dafn qilindi

2-mart kuni Meksikadagi “Xalisko yangi avlodi” karteli yetakchisi Nemesio Oseguyera Servantes, ya’ni “El Mencho” oltin tobutga dafn qilindi. Dafn marosimi orkestr musiqasi hamrohligida bo‘lib o‘tgan. Avtomobillar karvoni Resinto de la Paz qabristoniga yetib borgan. Mashina qizil atirgullardan xo‘roz shaklida tayyorlangan guldasta bilan bezatilgan. Xo‘roz ramzi “El Mencho” bilan bog‘liq bo‘lib, u xo‘roz janglariga qiziqqani sabab “Senor de los gallos” (Xo‘roz janglari qiroli) laqabini olgan.

Manba: AstroLegendario

***

Tramp Eronga qo‘shin ham yuborishi mumkin

AQSh Prezidenti Donald Tramp Eronga zarurat tug‘ilsa, quruqlik qo‘shinlari yuborilishi mumkinligini istisno qilmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, odatda prezidentlar “quruqlik qo‘shinlari bo‘lmaydi” deydi, ammo u bunday demasligini ta’kidlagan.

Manba: The New York Post

***

Turkiyada ayol jasadi topildi. U o‘zbekistonlik bo‘lishi mumkin

Turkiyaning o‘rmon hududidan 2-mart kuni ayol kishining tanib bo‘lmaydigan holatdagi jasadi topildi. Uning ustidagi kiyimlaridan ayol Balikesir viloyatida 21-yanvar kuni yo‘qolgan 46 yoshli samarqandlik Dilafruz Cho‘liyeva ekani taxmin qilinyapti. Qayd etilishicha, ikki bolaning onasi bo‘lgan Cho‘liyeva Turkiyaning Balikesir viloyatining Burhoniya tumanida qonuniy yashagan. Uning ishlashga ham ruxsati bo‘lgan. U 21-yanvar kuni Edremit tumanidan Burhoniyaga qaytayotib soat 20:00–20:30 atrofida avtobusdan tushgan. Shundan keyin u bilan aloqa uzilgan. Ayol 22-yanvar kuni ishga chiqmagan. 23-yanvar kuni ish beruvchilari uni qidirib, politsiyaga xabar bergan.

Manba: Turkiyadagi_uzbeklar

***

Saudiyadagi AQSh elchixonasiga dronlar orqali hujum qilindi

Saudiya Arabistonidagi AQSh elchixonasiga ikkita dron orqali hujum uyushtirildi. Hozircha jabrlanganlar haqida ma’lumot kelib tushmagan. Qirollik rasmiylari ham AQSh elchixonasiga zarbalar berilgani haqidagi ma’lumotni tasdiqlagan. Donald Tramp elchixonaga qilingan hujumga javob qaytarilishini ma’lum qildi. Bu haqda “NewsNation” telekanali jurnalisti Kelli Meyer xabar bergan.

Manba: CNN

***

“Tasnim”: Saudiyadagi eng yirik neft zavodiga Isroil zarba bergan, Eron emas

Isroil Saudiya Arabistonidagi Ras-Tanura shahrida joylashgan Saudi Aramco neftni qayta ishlash zavodiga qarashli qilingan hujum ortida turgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Saudiya Arabistoni neft obektlari Eron hujumlarining nishonlari qatoriga kirmagan. Agentlik manbasining ta’kidlashicha, Saudiya Arabistonining Ras-Tanura hududidagi neft zavodiga dron qoldiqlari tushishi oqibatida yong‘in chiqqan, biroq hech kim jabrlanmagan va bu hodisa neft ta’minotiga ta’sir qilmagan.

Manba: Tasnim

Sukerberg “Milliarderlar bunkeri”ga 170 million dollar sarfladi

“Meta” korporatsiyasining hammuassisi Mark Sukerberg va uning rafiqasi Prissilla Chan sun’iy ravishda barpo etilgan Indian-Krik orolida, “milliarderlar bunkeri” nomi bilan tanilgan hududdan 170 million dollarga hashamatli qasr sotib oldi. Agentlikning sotuvchilar vakillariga tayanib yozishicha, bu hozirga qadar Mayami tarixidagi eng qimmat bitim hisoblanadi. U alohida holatdek ko‘rinsa-da, bozordagi boshqa ko‘chmas mulk obyektlari va takliflarga qarab, 100 million dollardan ortiq qiymatdagi bitimlar soni yana-da ko‘payishini kutish mumkin.

Manba: Bloomberg

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish