Logo

Pokiston OAV: O‘zbekistonning Tinchlik kengashi ta’sischi davlatlari qatorida bo‘lishi, uning jahon siyosatidagi o‘rni ortib borayotganidan dalildir

Mart 03, 2026. 12:39 • 3 daq

1
Pokiston OAV: O‘zbekistonning Tinchlik kengashi ta’sischi davlatlari qatorida bo‘lishi, uning jahon siyosatidagi o‘rni ortib borayotganidan dalildir
Pokiston OAV: O‘zbekistonning Tinchlik kengashi ta’sischi davlatlari qatorida bo‘lishi, uning jahon siyosatidagi o‘rni ortib borayotganidan dalildir

ISLOMOBOD, 3-mart. /“Dunyo” AA/. “Pokistonning “Daily Spokesman” gazetasi, “The Diplomatic Insight”, “Sub News”, Daily Sub News” va “Khyber mail” elektron nashrlarida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan Tinchlik kengashining birinchi sammitidagi ishtirokiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSh Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan 17–19-fevral kunlari Vashington shahriga ishchi tashrif bilan borib, Tinchlik kengashining birinchi sammitida ishtirok etdi, – deyiladi maqolada. – Ushbu tashrif doirasida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha ham muhim kelishuvlarga erishildi”.

Ta’kidlanganidek, Tinchlik kengashi — AQSh Prezidenti Donald Tramp tomonidan G‘azo sektori bo‘yicha tinchlik rejasi doirasida ilgari surilgan tashabbus asosida tashkil etilgan hukumatlararo tashkilotdir. Ushbu reja 2025-yil noyabr oyida BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan ma’qullangan. Tashkilotni tuzish va uning faoliyati Yaqin Sharq mintaqasidagi keskinlik xavfini kamaytirish, shuningdek, G‘azo sektorida iqtisodiy va ijtimoiy tiklanish uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan.

Ma’lum qilinganidek, 19-fevral kuni Vashington shahrida AQSh Prezidenti boshchiligidagi Tinchlik kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda G‘azo sektorini tiklash, gumanitar yordam ko‘rsatish, shuningdek, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

“Tinchlik kengashi sammitida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Prezidenti mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, uni muvaffaqiyatli amalga oshirishda amaliy ishtirok etish niyati qat’iy ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, G‘azoni tashqi boshqarishning har qanday mexanizmi albatta sektor aholisining ichki qo‘llab-quvvatlashiga tayanishi lozimligi alohida qayd etildi. Barcha tomonlarning muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlari mojarodan keyingi jarayon barqarorligini ta’minlash va G‘azoni tez fursatda tiklash uchun sharoit yaratish imkonini berishi ta’kidlandi. Davlat rahbari O‘zbekistonning G‘azo sektorida turar-joylar, bolalar bog‘chalari, maktablar va shifoxonalar qurilishiga munosib hissa qo‘shishga tayyor ekanini bildirdi”, – deb yozgan Pokiston matbuoti.

Falastin va G‘azo sektori masalasi o‘nlab yillar davomida xalqaro kun tartibining eng dolzarb mavzularidan biri bo‘lib kelmoqda va hanuzgacha samarali yechim topmagan. Tinchlik kengashining tashkil etilishi so‘nggi yillarda ushbu masalani hal qilishga qaratilgan ilk jiddiy urinish hisoblanadi. O‘zbekistonning mazkur yangi xalqaro tashkilot ta’sischi davlatlari qatoriga taklif etilishi esa uning jahon siyosatidagi o‘rni va nufuzi ortib borayotganining yorqin dalilidir.

Tashrifning iqtisodiy jihatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik izchil ravishda kengayib borayotganini, avval mavjud bo‘lgan strategik sheriklik munosabatlari tiklanayotganini qayd etish lozim.

Nashrlarda yozilganidek, O‘zbekiston Prezidentining Vashingtonga amalga oshirgan ushbu tashrifi va Tinchlik kengashining birinchi sammitidagi ishtiroki etishi ham nufuziy, ham iqtisodiy jihatdan muhim ahamiyat kasb etadi.

Maqolalar “Tinchlik kengashi faoliyatida faol ishtirok etish nafaqat O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ta’siri kuchayganini ko‘rsatadi, balki global muammolarni hal etishdagi imkoniyatlarini kengaytirib, mamlakatning xalqaro nufuzi yanada yuksalishiga xizmat qiladi”, – degan so‘zlar bilan yakunlangan”.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish