Sabine Maxl: Orolbo‘yi mintaqasida Trast jamg‘armasi dasturlarini amalga oshirishning ikkinchi bosqichi boshlandi
Fevral 25, 2026. 16:58 • 2 daq
• 116
NUKUS, 25-fevral. /“Dunyo” AA/. BMTning doimiy koordinatori Sabine Maxl Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasiga uyushtirilgan safar taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Avvalo, tashkilotchilarga – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Tashqi ishlar vazirligi, diplomatik korpusning mintaqaga kelishiga ko‘maklashgan barcha insonlariga samimiy minnatdorlik bildiraman.
BMT uchun Qoraqalpog‘iston alohida ahamiyatga ega. 2018-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan birgalikda Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik asosidagi Trast jamg‘armasi (RLC Trust Fund) tuzildi. Ayni paytda jamg‘armaning mintaqa aholisini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dasturlarini amalga oshirishning ikkinchi bosqichi boshlandi.
Jamg‘armasi faoliyati inson xavfsizligini taʼminlash bilan bog‘liq keng ko‘lamli yo‘nalishlarni qamrab oladi: sog‘liqni saqlash, taʼlim, kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish, ekologik muammolarni hal etish. Orol dengizining qurigan tubini ko‘kalamzorlashtirish, saksovul ekish, chang-to‘zonlarni kamaytirish, qum-tuz bo‘ronlari oqibatlariga qarshi kurashish chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Biznes vakillari va investorlar bilan uchrashuvlar chog‘ida ularning jamg‘arma faoliyatidagi ehtimoliy ishtirokini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘lamiz, deb umid qilamiz. RLC Trust Fund nafaqat BMT tizimidagi agentliklar, balki xalqaro nodavlat tashkilotlar, Qoraqalpog‘iston aholisining haqiqiy ehtiyojlarini yaxshiroq tushunadigan mahalliy hamjamiyatlar uchun ham ochiq.
So‘nggi olti yilda umumiy qiymati qariyb 16,5 million AQSh dollari bo‘lgan to‘qqizta qo‘shma dastur amalga oshirildi. Loyihalar turli sohalarni qamrab olgan. Xususan, onalik va perinatal sog‘liqni saqlashni rivojlantirish qo‘llab-quvvatlandi, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni parvarish qilish tashabbuslari amalga oshirildi. Bir qator dasturlar qishloq xo‘jaligida innovatsion yechimlarni joriy etishga, jumladan, mintaqaning sho‘rlangan tuproqlarida o‘sa oladigan ekinlarni izlashga qaratilgan. Alohida loyihalar monomarkazlar tarmog‘ini rivojlantirish va aholini kasb-hunarga o‘qitish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qildi. Mahalliy aholining barqarorligi va daromadlarini oshirishga qaratilgan qishloq xo‘jaligi tashabbuslari ham amalga oshirildi.
Bu saʼy-harakatlarning barchasi viloyat aholisining hayot sifatini yaxshilashga qaratildi. Hozirgi vaqtda havo sifatini monitoring qilish va yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Qoraqalpog‘istonning barcha hududlarida atmosfera havosining holatini kuzatish stansiyalari o‘rnatilgan. Keyingi bosqich – ifloslanish darajasini pasaytirish va qurigan dengiz tubidan qum va tuz tarqalishining oldini olish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish.
Erishilgan natijalar asosida bu ishlarni davom ettirish, muvaffaqiyatli tashabbuslarni kengaytirish, aholi talablariga javob beradigan yangi dasturlarni ishga tushirish niyatidamiz. Xavfsiz ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatini taʼminlash, chekka aholi punktlarida yangi quduqlar qazish va mintaqani barqaror rivojlantirish uchun qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish ustuvor vazifalar qatoriga kiradi.
Ishonchim komilki, xalqaro hamkorlar, davlat tuzilmalari va biznesning birgalikdagi saʼy-harakatlari Qoraqalpog‘istonning ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik tiklanishiga qo‘shimcha turtki beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
