Yosh o‘zbek musiqachilarining ijod mahsuli millionlab kishilarning ko‘nglidan joy oldi
Fevral 24, 2026. 09:00 • 2 daq
• 247
ANQARA, 24-fevral. /“Dunyo” AA/. Bugungi axborot texnologiyalari va internet asrida mohir ijrolar orqali butun bir xalqning ko‘nglidan joy olish mumkinligini yosh o‘zbek musiqachilari ko‘rsatib berdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Poytaxtimizdagi Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi o‘quvchilari “Instagram” sahifasida so‘nggi bir oy davomida joylab borgan turkcha qo‘shiqlari o‘n millionlab kishi tomonidan sevib tomosha qilingan. Eng asosiysi – tomoshabinlar ularning ijodini alohida eʼtirof etib, izohlarda iliq fikrlar qoldirgan.
Xususan, o‘zbekistonlik yosh ijodkorlar tomonidan ijro etilgan “Kara sevda” musiqasi ikki hafta ichida 45 million kishi tomonidan ko‘rilgan, qariyb 2 million “like” olgan. Shuningdek, ularning “Dedüblüman” guruhining “Belki” hamda Tarkanning “Şımarık” qo‘shiqlari 20 million marta ko‘rilgan. Eng quvonarlisi, yoshlarimizning ijrosiga Tarkanning o‘zi ham “like” bosgan.
Yozib qoldirilgan o‘n minglab izohlardan tomoshabinlarning aksari aynan Turkiyadan ekanini anglash mumkin. Kuzatuvchilar yosh ijodkorlarning talanti, samimiy ijrosi, jamoaviy ruhi va jo‘shqin harakatlaridan chuqur taʼsirlanganini yozgan. Izoh qoldirganlar ichida mashhur kishilarning ham borligi eʼtiborli. Jumladan, turk aktrisasi Ijlal Aydin (İclal Aydın) ijrodan taʼsirlanib, “Quvonchingiz qalblarga iliqlik olib kirmoqda. Shohonasizlar!” deb izoh qoldirgan.
Sevde Shimshek ismli foydalanuvchi, dilni xira qiluvchi xabarlar fonida o‘zbek yoshlarning jo‘shqin ijrosi unga kayfiyat bag‘ishlaganini taʼkidlab, “Har kuni zo‘ravonlik haqidagi xabarlar bilan ichimiz siqilgan bir vaqtda bu yoshlar bizga yangidan umid bag‘ishladi”, deb yozgan. Sena Erdem profili egasi ham bu fikrni quvvatlab, “Ajoyibsiz, yoshlar! Qani endi barcha yoshlar shunday bo‘lsa... Yo‘lingiz ochiq bo‘lsin!”, deya izoh qoldirgan.
Yosh ijodkorlar ushbu ijrolari bilan nafaqat o‘zlarining, balki butun yurtimizning dong‘ini taratib, xorijda, xususan, Turkiyada O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqish va mehrini orttirdi. Kuzatuvchilardan biri Tansel Kayaning yoshlarimizning betakror ijrosidan taʼsirlanib, “Har kuni O‘zbekistonni yana-da ko‘proq seva boshladim”, deya qoldirgan izohi bunga yaqqol misoldir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
