Berlinda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi
Oktabr 16, 2026. 09:00 • 3 daq
• 240BЕRLIN, 16-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida O‘zbekiston–Germaniya hamkorligini mustahkamlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi, Germaniya Bundestagi, davlat idoralari, jamoatchilik vakillari hamda vatandoshlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston elchisi Dilshod Axatov mamlakatimizning davlatchilikni mustahkamlash, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va xalqaro aloqalarni kengaytirish borasidagi yutuqlarini qayd etdi. U Germaniya O‘zbekistonning Yevropadagi muhim va ishonchli hamkorlaridan biri bo‘lib qolayotgani, ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy, ilmiy-ta’lim va madaniy-gumanitar aloqalar izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
Sodiq Safoyev Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotgani haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, u parlamentlararo hamkorlikni faollashtirish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish va parlament diplomatiyasini yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.
“Markaziy Osiyo–Germaniya” deputatlik do‘stlik guruhi raisi Kristian Gyorke savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, energetika, kasb-hunar ta’limi va malakali kadrlar tayyorlash sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratdi.
“O‘zbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasining tashrifi parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishda to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot naqadar muhim va samarali ekanini yana bir bor namoyon etdi. Yuzma-yuz uchrashuvlar, fikr va tajriba almashish o‘zaro ishonchni mustahkamlaydi hamda hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Bo‘lib o‘tgan muloqot parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shadi va ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqadi”, – dedi parlament a’zosi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilorom Fayziyeva ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarni qamrab olganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, parlamentlarning o‘zaro hamkorligi ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy asosini mustahkamlash, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish va parlament nazoratini takomillashtirishga xizmat qiladi.
“So‘nggi yillarda Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik strategik sheriklik darajasida rivojlanmoqda. Bu siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro aloqalarning yuksak darajasidan dalolat beradi. Shu bilan birga, hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjud”, – dedi u.
Tadbir doirasida O‘zbekistonning boy merosi va milliy san’atini aks ettiruvchi madaniy dastur taqdim etildi. Rasmiy qabul chog‘ida ishtirokchilar parlamentlararo va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish istiqbollari yuzasidan ham fikr almashdi.
Germaniyada mehnat qilayotgan, tahsil olayotgan va ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan vatandoshlarimizga, ularning yutuqlari va rejalariga alohida e’tibor qaratildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





