Logo

Rossiyada qo‘lga olingan voyaga yetmagan hamyurtimiz vataniga qaytarildi

Mart 16, 2026. 09:38 • 2 daq

105
Rossiyada qo‘lga olingan voyaga yetmagan hamyurtimiz vataniga qaytarildi

MOSKVA, 16-mart. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Rossiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limiga ushbu davlatda mehnat qilayotgan vatandoshimiz yordam so‘rab murojaat qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Murojaatchining ma’lum qilishicha, uning voyaga yetmagan qarindoshi qo‘lga olinib, Moskvadagi voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan ijtimoiy reabilitatsiya markazlaridan biriga joylashtirilgan.

Konsullik bo‘limi vakillari ushbu holat bo‘yicha zudlik bilan ishga kirishib, tegishli tashkilotlar bilan bog‘langan. Diplomatlarimiz mushkul vaziyatga tushib qolgan hamyurtimizning muammosini hal etish maqsadida voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan ijtimoiy reabilitatsiya markazi ma’muriyati hamda Rossiyaning boshqa vakolatli organlari bilan hamkorlik aloqalarini amalga oshirgan.

O‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar, tegishli idoralar bilan olib borilgan muvofiqlashtirish ishlari natijasida bola oilaning ishonchli vakiliga topshirilib, sog‘-salomat vatanga olib qaytarildi.

O‘zbekiston elchixonasi Rossiya hududidagi vatandoshlar, jumladan, voyaga yetmaganlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratishda davom etmoqda.

Shu munosabat bilan, elchixona xodimlari Rossiyadagi vatandoshlarni voyaga yetmaganlarning xavfsizligi va ularga to‘g‘ri g‘amxo‘rlik qilish masalalariga alohida e’tibor berishga undaydi. Shuningdek, voyaga yetmaganlarni kattalarsiz qoldirmaslikka, murakkab vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda elchixona va konsullik muassasalariga o‘z vaqtida murojaat qilishga chaqiradi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish