Logo

Pokiston kompaniyalari Toshkent viloyatiga investitsiya kiritishga qiziqish bildirdi

Mart 16, 2026. 10:17 • 3 daq

123
Pokiston kompaniyalari Toshkent viloyatiga investitsiya kiritishga qiziqish bildirdi

LAHOR, 16-mart. /“Dunyo” AA/. Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev hamda O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Lahor shahriga amaliy tashrifi doirasida ushbu mamlakatning yetakchi sanoat kompaniyalari rahbarlari bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqotlar chog‘ida investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Delegatsiya a’zolari Pokistonning yirik sanoat guruhlaridan biri – “Omni Group of Companies” bosh boshqaruvchi direktori Salman Yunus bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat davomida asosiy e’tibor Pokistondan O‘zbekistonga shakar yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, mazkur sohada sanoat hamkorligini rivojlantirishga qaratildi.

Ma’lum qilinishicha, “Omni Group of Companies” Pokistonda shakar eksport qiluvchi yirik korxonalardan biri hisoblanadi. Kompaniya faoliyati nafaqat oziq-ovqat sanoati, balki energetika, polimer mahsulotlari ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi texnikasi sohalarini ham qamrab oladi. Xorijiy hamkorlar bilan birgalikda traktorlarni yig‘ish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

Energetika yo‘nalishida kompaniya umumiy quvvati 80 megavatt bo‘lgan to‘rtta elektr stansiyasiga ega. Shuningdek, yiliga 50 million dona polietilen mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega korxonasi mavjud. Kompaniya fuqaro aviatsiyasi sohasida ham xizmatlar ko‘rsatadi. “Omni Group” korxonalari bir yilda 350 ming tonna shakar va etanol ishlab chiqaradi. Tayyor mahsulotlar Yaqin va Uzoq Sharq hamda Afrika mamlakatlariga eksport qilinadi.

– Yaqinda Pokistonda yangi shakar ishlab chiqarish zavodini ishga tushirdik, – kompaniya rahbari Salman Yunus. – Korxona har sakkiz soatda 10 tonna shakar ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Biz Toshkent viloyatida shakar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bilan birga, viloyatda traktorlar ishlab chiqarayotgan korxonalar bilan hamkorlikda bunday texnikalarni yig‘ish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etishimiz mumkin. Shuningdek, O‘zbekistonda shakarga bo‘lgan talab yuqori ekanini inobatga olgan holda Toshkent viloyatida shakar zavodini ochishni rejalashtiryapmiz.

Muzokaralar davomida Pokiston investitsiyasi ishtirokida Toshkent viloyatida yangi shakar zavodi qurish yoki mavjud korxonalardan birini boshqaruvga olish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.

Tashrif davomida mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolari Pokistonning yirik sanoat korxonalaridan biri – “Service Industries Limited” bosh tijoriy direktori Bilal Kidvai bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralarda tomonlar poyabzal va shinalar ishlab chiqarish sohasida investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, sanoat va qayta ishlash tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

1970-yilda tashkil etilgan mazkur kompaniya bugungi kunda xalqaro bozorda mustahkam o‘ringa ega. Korxonaning yillik eksport quvvati 60 million AQSh dollarini tashkil etadi, yillik daromadi esa 450 million dollardan ortiq. Kompaniya mototsikllar, traktorlar va yuk avtomobillari uchun shinalar ishlab chiqaradi. Tayyor mahsulotlar AQSh va Braziliya kabi davlatlarga eksport qilinadi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda shina va poyabzal ishlab chiqarishni tashkil etish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Pokiston tomoni mazkur loyihani amalga oshirishga katta qiziqish bildirdi.

Toshkent viloyati mutasadddilari esa ushbu investitsiya loyihalarini hududda amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilishini ma’lum qildi.

Uchrashuvlar yakunida har ikki kompaniya tomonidan O‘zbekiston bozori imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida ichki marketing tadqiqotlarini o‘tkazish, kompaniya delegatsiyalarining Toshkent viloyatiga safarini tashkil etish, hududdagi maxsus sanoat zonalari bilan tanishish va eksport imkoniyatlarini o‘rganish masalalari yuzasidan kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish