G‘arbiy Yevropa kuzatuvlar tarixidagi eng issiq iyun va iyul oylarini boshdan kechirdi
Avgust 12, 2026. 15:00 • 3 daq
• 83
BRYUSSEL, 12-avgust. /“Dunyo” AA/. Bu yil iyun va iyul oylarida G‘arbiy Yevropada o‘rtacha harorat Selsiy bo‘yicha rekord – 21,62 darajaga yetdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Yevropa Ittifoqining “Copernicus” iqlim xizmati press-reliziga tayanib.
Avvalgi rekord 2022-yilda o‘rnatilgan edi. “Copernicus” g‘ayrioddiy uzoq davom etgan jaziramani qayd etdi: may oyidan buyon mintaqada anomal yuqori haroratning to‘rtta to‘lqini kuzatildi.
Jazirama uzoq muddatli qurg‘oqchilik, yirik o‘rmon yong‘inlari va yangi harorat rekordlariga sabab bo‘ldi. Jazirama Ispaniya, Fransiya, Germaniya, Avstriya, Vengriya, Buyuk Britaniya hamda Irlandiya va Islandiyaning ayrim hududlarida kuzatildi.
G‘arbiy Yevropada tuproq 2022-yil iyuliga qaraganda ancha quruq bo‘ldi. Uning haddan tashqari qurib ketishi yer sirtini tabiiy ravishda sovutish qobiliyatini pasaytiradi va bu issiqlikning yana-da to‘planishiga olib keladi.
Sena, Reyn va Dunay kabi yirik daryolarda ham suv sathi g‘ayrioddiy darajada pasayib ketdi. Bu qator mamlakatlarda kemachilik, sug‘orish va energiya ishlab chiqarishga putur yetkazdi.
Jazirama va qurg‘oqchilik o‘rmon yong‘inlari xavfini oshirdi. Ayniqsa, Fransiya va Ispaniyada jiddiy yong‘inlar yuz berdi.
“Copernicus” iyul oyida okeanlar yuzasi haroratining rekord darajada bo‘lganini qayd etdi. Qutb mintaqalaridan tashqaridagi o‘rtacha ko‘rsatkich Selsiy bo‘yicha 20,96 darajani tashkil etib, 2023-yildagi avvalgi rekorddan (20,89 daraja) oshib ketdi.
2026-yilning iyuli kuzatuvlar tarixidagi ikkinchi eng issiq oy bo‘lib, bu o‘rinni 2024-yilning iyuli bilan bo‘lishdi. Yer sirtidagi o‘rtacha havo harorati 16,90 darajani tashkil etdi. Bu sanoatlashuvgacha bo‘lgan davrdagidan 1,47 daraja yuqoridir.
2026-yilning dastlabki yetti oyi yakunlariga ko‘ra, bu yil 2024 va 2025-yillardan keyin eng issiq yillar ro‘yxatida uchinchi o‘rinni egallamoqda. Olimlarning fikricha, kuchayib borayotgan El-Ninyo hodisasi yilning ikkinchi yarmida global haroratning yana-da ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin.
“Copernicus”dagilar 2026-yil oxiri yoki 2027-yil boshida harorat yangi jahon rekordi o‘rnatilishini istisno etmayapti. Maʼlumotlarga ko‘ra, so‘nggi 11 yil kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yillar bo‘ldi.
Yevropalik olimlar uzoq muddatli isishni, birinchi navbatda, issiqxona gazlari konsentratsiyasining ortishi bilan bog‘lamoqda. Okeanlar ortiqcha issiqlikning katta qismini o‘ziga singdiradi, biroq suv haroratining ko‘tarilishi kuchli yog‘ingarchilik va bo‘ronlarga sabab bo‘lib, dengiz ekotizimlariga zarar yetkazadi.
“AFP” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi