Toshkent xalqaro investitsiya forumida umumiy aktivlari 42 trillion dollar bo‘lgan xorijiy kompaniyalar ishtirok etadi

Iyun 13, 2026. 17:00 • 3 daq

38
Toshkent xalqaro investitsiya forumida umumiy aktivlari 42 trillion dollar bo‘lgan xorijiy kompaniyalar ishtirok etadi

TOSHKENT, 13-iyun. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo vazirligida beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumiga ko‘rilgan tayyorgarlikka bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo vaziri Laziz Qudratov ommaviy axborot vositalari vakillariga bo‘lajak forumning asosiy ko‘rsatkichlarini taqdim etdi va tadbirning miqyosi haqida so‘zlab berdi.

Uning aytishicha, bugungi kunga qadar forumda ishtirok etish uchun 9,1 mingdan ortiq kishi, shu jumladan 102 ta davlatdan 3 454 nafar xorijiy delegat ro‘yxatdan o‘tgan. Shu bilan birga, ishtirokchilarni ro‘yxatga olish jarayoni hanuz davom etmoqda.

Matbuot anjumanida forumda qatnashishini tasdiqlagan kompaniyalarning umumiy aktivlari qariyb 42 trillion dollarni tashkil etishi, bu esa jahon yalpi ichki mahsulotining deyarli 38 foiziga teng ekanligi alohida qayd etildi. Ishtirokchilar safida moliya, energetika, mashinasozlik, logistika va yuqori texnologiyalar sohalarida faoliyat yuritayotgan yetakchi xalqaro moliya institutlari va korporatsiyalar rahbarlari hamda vakillari e’lon qilingan.

Agar o‘tgan yili forumda 26 ta hukumat delegatsiyasi ishtirok etgan bo‘lsa, bu yil ularning soni 62 taga yetdi. Ochilish marosimida sakkizta davlat va hukumat rahbarlarining nutq so‘zlashi kutilmoqda.

Forum ishlarida, shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, BRIKS Yangi taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Yevrosiyo taraqqiyot banki va OPEK Jamg‘armasi rahbarlari ishtirok etadi. Xalqaro tashkilotlar va moliya institutlaridan jami 372 nafar delegat tashrif buyuradi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, forum dasturi sezilarli darajada kengaytirilgan. Tadbirlar soni 36 tadan 79 taga ko‘paydi. Ishbilarmonlik dasturi doirasida 34 ta panel munozaralari, sakkizta pitch-sessiya hamda AQSH, Janubiy Koreya, Turkiya, Xitoy, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari vakillari ishtirokida yettita yirik biznes-forum bo‘lib o‘tadi.

Muhokamalar markazida sanoatni rivojlantirish, “yashil” energetika, O‘rta koridorni kengaytirish, raqamli boshqaruv, sun’iy intellekt, islom moliyasi va oziq-ovqat xavfsizligi masalalari turadi.

18-iyun kuni Xorijiy investorlar kengashining to‘rtinchi majlisi bo‘lib o‘tadi va unda 75 ta yirik kompaniya vakillari O‘zbekiston Prezidentiga o‘z takliflarini taqdim etadilar.

Forum doirasida, shuningdek, O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati ikkinchi ko‘rgazmasi ham tashkil etiladi. Xorijiy sarmoyadorlarga mamlakatning geologiya, energetika, kimyo sanoati, mashinasozlik, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohalaridagi yutuqlari namoyish etiladi.

Sport diplomatiyasi dasturning alohida yo‘nalishiga aylanadi. 16-iyun kuni “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida “Silk Road Night Run” tungi marafoni, 15-iyun kuni esa Olimpiya shaharchasida xalqaro biznes va investitsiya hamjamiyati vakillari ishtirokida “TIIF Open” tennis turniri bo‘lib o‘tadi.

Forumni keng yoritish uchun Toshkentga dunyoning 41 mamlakatidan 123 ta ommaviy axborot vositalari vakillari tashrif buyuradi. Jami 209 nafar xorijiy jurnalist akkreditatsiyadan o‘tdi, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘pdir. Xorijiy media vositalari qatorida yetakchi xalqaro axborot agentliklari va telekanallar mavjud.

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, uch kunlik forum yakunlari bo‘yicha o‘nlab milliard dollarlik yangi investitsiyaviy bitimlar imzolanishi kutilmoqda.

Toshkent xalqaro investitsiya forumi O‘zbekistonning xorijiy hamkorlar bilan investitsiyaviy hamkorligini mustahkamlash, istiqbolli loyihalarni ilgari surish va xalqaro iqtisodiy aloqalarni kengaytirish uchun markaziy maydonlardan biri bo‘lib qolmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish