“Il Giornale d’Italia” gazetasi: Toshkent xalqaro investitsiya forumida Italiya ishbilarmon doiralarining ishtiroki yuqori darajada bo‘lishi kutilmoqda
Iyun 13, 2026. 16:30 • 2 daq
• 18
RIM, 13-iyun. /“Dunyo” AA/. Italiyaning yetakchi nashrlaridan biri — “Il Giornale d’Italia” gazetasida “Italiya 2026-yilgi Toshkent xalqaro investitsiya forumiga faol tayyorgarlik ko‘rmoqda” sarlavhali tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda alohida ta’kidlanishicha, bo‘lajak Toshkent xalqaro investitsiya forumida (TXIF-2026) Italiya ishbilarmon doiralarining yuqori darajada ishtirok etishi Apennin yarim oroli biznes vakillarining Markaziy Osiyodagi eng jadal rivojlanayotgan bozorlardan biri bo‘lgan O‘zbekistonga qiziqishi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Maqola muallifi so‘nggi yillarda O‘zbekiston-Italiya hamkorligi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganiga e’tibor qaratgan. Mashinasozlik, energetika va to‘qimachilik sanoati kabi an’anaviy hamkorlik yo‘nalishlari bilan bir qatorda, bugungi kunda “yashil” energetika, infratuzilma, agrosanoat majmuasi, moliyaviy xizmatlar va innovatsion texnologiyalar sohasidagi qo‘shma loyihalar ham faol rivojlanmoqda.
Jurnalistning fikricha, TXIF-2026 anjumani O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikni yanada mustahkamlash uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, u italiyalik investorlarga respublikada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida yaratilayotgan yangi imkoniyatlar bilan atroflicha tanishish imkonini beradi.
Italiya nashrida O‘zbekistonda zamonaviy investitsiya ekotizimi shakllantirilayotganiga alohida to‘xtalgan. Bu borada qonunchilikni takomillashtirish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini rivojlantirish, moliya sektorini liberallashtirish va xorijlik sarmoyadorlar uchun eng qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rilayotgan izchil chora-tadbirlar yuqori baholangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi