“The Diplomatic Insight” jurnali: Amir Temur murojaatlarida Sharq diplomatiyasi etiketlariga rioya qilgan
Aprel 05, 2026. 09:10 • 3 daq
• 9
ISLOMOBOD, 5-aprel. /“Dunyo” AA /. Pokistonning nufuzli “The Diplomatic Insight” jurnali rasmiy saytida akademik Akmal Saidov muallifligidagi “Amir Temur diplomatiyasi va uning xalqaro munosabatlarga taʼsiri” nomli maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada sohibqiron Amir Temur nafaqat buyuk sarkarda, balki o‘z davrining eng mohir va kuchli diplomati sifatida ham tarixda chuqur iz qoldirgani ilmiy asosda tahlil qilingan.
Nashrda yozilganidnk, Amir Temur davlat arbobi sifatida o‘z maqsadlariga erishishda diplomatiyaning tinch yo‘llari va harbiy salohiyatni o‘zaro uyg‘unlikda olib borgan. U barpo etgan saltanat XIV asrning 70-yillaridayoq Yevropa davlatlarining eʼtiborini tortgan.
Tarixiy hujjatlar Sohibqironning o‘sha davrdagi deyarli barcha yirik davlatlar va ularning hukmdorlari bilan faol diplomatik aloqalar o‘rnatganidan dalolat beradi. Amir Temur Samarqandda Ispaniya, Fransiya, Angliya, Xitoy va boshqa jami 20 dan ortiq xorijiy davlat elchilarini qabul qilgan, shuningdek, o‘z vakillarini Yevropa saroylariga yo‘llagan.
Muallif Sohibqironning Kastiliya va Leon qiroli Enrike III, Fransiya hukmdori Sharl VI va Angliya qiroli Genrix IV bilan olib borgan yozishmalariga alohida to‘xtalib o‘tadi. Diplomatik aloqalarni muvaffaqiyatli yuritish uchun Amir Temur o‘z saroyiga Nasaf va Kesh olimlarini, xorijiy tillarni mukammal biladigan va dunyoviy ilmlardan xabardor qobiliyatli shaxslarni jalb etgan. Masalan, Muhammad Keshiy Sohibqironning elchisi sifatida maʼlum muddat Ispaniyada yashagan bo‘lsa, Mavlono Abdulloh Keshiy Misr sultoni huzurida elchilik vazifasini ado etgan.
Amir Temur diplomatiyasining o‘ziga xos jihati uning yuksak madaniyati va odob-axloqida namoyon bo‘ladi. U o‘zining barcha murojaatlarida, hatto qatʼiy talab shaklidagi nomalarida ham Sharq diplomatiyasi etiketlariga qatʼiy rioya qilgan. Baʼzi hukmdorlarning qo‘pol va jahl bilan yozilgan maktublariga ham Sohibqiron doimo vazminlik bilan, o‘z fikrini aniq va madaniyat bilan bayon etgan holda javob qaytargan. Uning Fransiya qiroli Sharl VI ga yo‘llagan maktubidagi “Salom va tinchlik eʼlon qilaman!” degan so‘zlari buning yaqqol isbotidir.
Bugungi kunda Fransiya milliy arxivida Amir Temurning Sharl VI ga fors tilida yozgan xatining asl nusxasi, shuningdek, Mironshoh Mirzoning Yevropa qirollariga yo‘llagan maktublari saqlanmoqda.
“The Diplomatic Insight” jurnalida eʼlon qilingan mazkur maqola Temuriylar davri diplomatiyasi nafaqat o‘z davri uchun, balki zamonaviy xalqaro munosabatlar tarixi uchun ham beqiyos ahamiyatga ega ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi