Muhandislarning yangi avlodini yetishtiradigan innovatsion maskan

Sentabr 11, 2026. 19:17 • 3 daq

111
Muhandislarning yangi avlodini yetishtiradigan innovatsion maskan

TOSHKENT, 11-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumaniga tashrif chog‘ida bugun “ToshTech” texnika universiteti faoliyati bilan ham tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil 8-sentyabrdagi tegishli qarori asosida tashkil etilgan universitet oliy muhandislik taʼlimini transformatsiya qilishda muhim qadam bo‘ldi. Loyihaning umumiy qiymati 69,5 milliard so‘mni tashkil etadi.

Mazkur mablag‘lar evaziga Toshkent davlat texnika universitetining 7 qavatli o‘quv binosi to‘liq rekonstruksiya qilindi hamda eng zamonaviy laboratoriya va o‘quv jihozlari bilan taʼminlandi.

Ushbu oliygoh akademik, moliyaviy hamda tashkiliy-boshqaruv jihatdan mustaqil davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Belgilangan dasturga ko‘ra, 2030-yilga qadar Toshkent davlat texnika universitetining tegishli fakultet va kafedralari bosqichma-bosqich ushbu yangi innovatsion ekotizimga transformatsiya qilinadi.

Yangi universitetga yoshlarning qiziqishi juda yuqori bo‘ldi. 2026/2027-o‘quv yili uchun jami 1654 nafar abituriyent hujjat topshirdi. Eng bilimli va iqtidorli deb topilgan 400 nafar talaba saralanib, o‘qishga qabul qilindi. Qabul qilingan ilk talabalarning barchasi 100 foiz davlat granti asosida taʼlim olmoqda. Mazkur imtiyoz saqlanib qoladi va 2029/2030-o‘quv yiligacha qabul qilinadigan talabalar ham to‘liq grant bilan qamrab olinadi.

Universitetda o‘quv jarayoni to‘liq ingliz tilida bo‘lib, darslar mahalliy olimlar bilan bir qatorda yuqori malakali xorijlik mutaxassislar tomonidan olib boriladi.

Talabalar sanoat muhandisligi va menejment, elektr muhandisligi, energetika muhandisligi, materialshunoslik va nanotexnologiyalar kabi to‘rtta yo‘nalishda taʼlim oladi.

“ToshTech” xalqaro maydonda tan olingan taʼlim brendlari bilan integratsiyalashgan. Universitet dunyoning eng nufuzli oliygohlari, jumladan, Shanxay Szyao Tong (Xitoy), Milan politexnika universiteti (Italiya), Bremen konstruktor universiteti (Germaniya) hamda dunyoga mashhur “Boston Consulting Group” konsalting kompaniyasi bilan yaqin hamkorlikda tashkil etildi.

Universitetning bosh maqsadi quruq nazariyadan voz kechib, talabalarni dastlabki kurslardanoq real sanoat loyihalari va murakkab muhandislik muammolari ustida ishlashga o‘rgatishdir. Shu sababli talabalar o‘qish davridayoq amaliyot o‘tashi va kelajakda kafolatlangan ish o‘rniga ega bo‘lishi uchun mamlakatimiz va dunyo sanoati gigantlari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilgan. Ular qatorida “ACWA”, “UzAuto Motors”, “Issiqlik elektr stansiyalari” hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” kabi yirik kompaniyalar mavjud.

Davlatimiz rahbariga universitetning kelgusi rejalari haqida maʼlumot berildi.

O‘qituvchi va talabalar bilan muloqotda “ToshTech” texnika universiteti yurtimiz sanoat salohiyatini yangi bosqichga olib chiquvchi muhandislarning yangi avlodini yetishtirib beradigan innovatsion maskanga aylanishi zarurligi taʼkidlandi.

– Yana bir bor takrorlayman, insonning mol-mulki, mavqei yoki boshqa moddiy boyliklari vaqtinchalik bo‘lishi yoki yo‘qolishi mumkin, ammo uning ongidagi, qalbidagi bilim va tajribani hech kim va hech qanday kuch tortib ololmaydi. Bilim insonning eng xavfsiz va eng foydali sarmoyasidir, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.

Prezidentimiz universitet talabalari bilan suratga tushdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish