Iordaniya Podshohi O‘zbekiston Prezidentini samimiy tabrikladi
Iyul 24, 2026. 20:42 • 57 soniya
• 60
TOSHKENT, 24-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn bilan telefon orqali suhbatlashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Iordaniya Podshohi O‘zbekiston Prezidentini tug‘ilgan kuni bilan samimiy muborakbod etib, mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, do‘st O‘zbekiston xalqiga tinchlik-omonlik va farovonlik tiladi.
Muloqot davomida Samarqandda o‘tgan sermahsul muzokaralar va erishilgan muhim kelishuvlar aloqalarimizda yangi sahifa ochgani alohida qayd etildi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida parlamentlararo, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuvlar kengayib borayotgani mamnuniyat bilan taʼkidlandi.
Yetakchilar siyosiy muloqotni davom ettirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da chuqurlashtirish hamda oliy darajadagi bo‘lajak tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligiga urg‘u berishdi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi