O‘zbekiston Prezidenti BAA Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi
Iyul 24, 2026. 20:22 • 59 soniya
• 60
TOSHKENT, 24-iyul. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BAA Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, suhbat avvalida BAA Prezidenti mamlakatimiz yetakchisini tavallud kuni munosabati bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq va farovonlik, sharafli davlatchilik faoliyatida katta muvaffaqiyatlar, birodar O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va davomiy ravnaq tiladi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va BAA strategik sheriklik aloqalari mustahkamlanib borayotgani, yirik qo‘shma loyihalar jadal amalga oshirilayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Faol siyosiy muloqotni davom ettirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da jadallashtirishga kelishib olindi.
Ikki davlat yetakchilari mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb hamda kun tartibidagi boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi