O‘zbekiston va Turkiya yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar

Iyul 24, 2026. 19:48 • 2 daq

57
O‘zbekiston va Turkiya yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar

TOSHKENT, 24-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, suhbat avvalida Turkiya Prezidenti O‘zbekiston yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat va davlatchilik faoliyatida yangi zafarlar tiladi.

Qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani, hamkorlikning yuqori surʼatlarda rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tovar ayirboshlash hajmi o‘smoqda, qo‘shma korxonalar soni va muntazam aviaqatnovlar ko‘payib, istiqbolli loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Shuningdek, madaniy-gumanitar tadbirlar ham faol davom etyapti. Jumladan, Xatayda O‘zbekistonga bag‘ishlangan majmualar ochildi, Namangandagi Xalqaro maqom sanʼati festivali va Islom sivilizatsiyasi forumida Turkiya tomoni yuqori darajada qatnashdi.

Muloqotda oliy darajadagi kelishuvlar doirasida oldinda turgan ulkan reja va maqsadlarni birgalikda ro‘yobga chiqarish masalalariga ham alohida urg‘u berildi.

Davlatimiz rahbari Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anga rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishni taklif etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish