O‘zbekiston Prezidenti "Chirchiq" texnoparki hududidagi polimer mahsulotlari korxonasi faoliyati bilan tanishdi
Iyun 02, 2026. 11:58 • 2 daq
• 103
TOSHKENT, 2-iyun. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkida faoliyat yuritayotgan “Kmita Polymers” korxonasiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyaning “Polymers” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur loyiha maxsus va keng assortimentdagi polietilen plyonka mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Bunday plyonkalar zamonaviy iqtisodiyotning ko‘zga ko‘rinmaydigan, ammo juda muhim bo‘g‘inlaridan biridir. Bugun oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy texnika, qurilish materiallari, farmatsevtika vositalari va turli sanoat tovarlarining bozorga xavfsiz yetkazilishi, tashqi ta’sirlardan muhofazalanishi ko‘p jihatdan zamonaviy qadoqlash texnologiyalariga bog‘liq.
6 ming 670 kvadrat metr maydonni egallagan korxonada Italiyaning zamonaviy texnologik uskunalari asosida keng assortimentdagi polimer va termoqisqaruvchi plyonka mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Uning ishga tushirilishi natijasida 9,5 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishi ta’minlanmoqda.
Loyiha ikki bosqichli kengaytirish dasturi asosida amalga oshirilmoqda. Investitsiyalarning umumiy qiymati 15,2 million dollarni tashkil etadi. Uning birinchi bosqichida 7,4 million dollar investitsiya o‘zlashtirildi.
Loyiha doirasida 50 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Keyingi bosqichlarda ish o‘rinlari soni yana-da ko‘payishi kutilmoqda.
2025-yilda bu yerda 115 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Shu bilan birga, 6 million dollarlik mahsulot Markaziy Osiyo davlatlariga eksport qilindi.
Korxona ishlab chiqarayotgan polimer mahsulotlar Coca-Cola, Pepsi, Flash, “Chernogolovka”, Ackerman, Asl Oyna, Biolife va Family Group kabi yirik brendlarning qadoqlash tizimlarida mahalliy xomashyo sifatida qo‘llanilmoqda.
Qadoqlash industriyasi zamonaviy sanoatning eng tez rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi. Chunki mahsulot ishlab chiqarish hajmi oshib borgan sari uni xavfsiz saqlash, tashish va bozorga yetkazib berish talablari ham kuchayayotgani qayd etildi.
Shu ma’noda, bunday korxonalar sonining ko‘payishi nafaqat bir tarmoqning rivojlanishiga, balki oziq-ovqat sanoati, qurilish, farmatsevtika va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarning barqaror ishlashiga ham xizmat qilishi aytib o‘tildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

O‘zbekiston Prezidentiga kimyo sanoatini rivojlantirish yo‘lidagi istiqbolli loyihalar bilan tanishdi

O‘zbekiston Prezidenti "Chirchiq" texnoparkidagi maishiy va avtomobil kimyosi ishlab chiqarish korxonasida bo‘ldi


