O‘zbekiston Prezidenti raisligida Qurbon hayiti munosabati bilan ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash choralari muhokama qilindi

May 21, 2026. 21:30 • 2 daq

86
O‘zbekiston Prezidenti raisligida Qurbon hayiti munosabati bilan ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash choralari muhokama qilindi

TOSHKENT, 21-may. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Qurbon hayiti munosabati bilan ehtiyojmand aholini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholini ijtimoiy himoya qilish, jamiyatda mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu tamoyillar, ayniqsa, xalqimizga xos ezgu fazilatlarni mujassam etgan muborak Qurbon hayiti kunlarida yana-da yorqin namoyon bo‘ladi.

Taqdimotda O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ishlab chiqilgan takliflar haqida axborot berildi.

Ularga ko‘ra, Qurbon hayiti munosabati bilan keng ko‘lamli tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.

Jumladan, og‘ir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolada jarrohlik amaliyoti o‘tkazish, 2,3 ming nafar onkologik, gematologik va onkogematologik tashxisi qo‘yilgan bemorlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, davolash va jarrohlik amaliyotlari, shuningdek, kamida 350 nafar bemorda jigar va buyrak transplantatsiyasi amaliyotlarini o‘tkazish xarajatlarini qoplash ko‘zda tutilgan.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashga ham alohida eʼtibor qaratiladi. 8 ming nafardan ziyod yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan ota-onalarning farzandlarining omonat hisobvaraqlariga 200 AQSH dollari miqdorida pul mablag‘lari o‘tkazib beriladi.

Bundan tashqari, 500 ta masjidda aholi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida zamonaviy tahoratxonalar qurish, rekonstruksiya qilish yoki taʼmirlash, shuningdek, joylardagi qabristonlarni obod qilish ishlari amalga oshiriladi.

Davlat taʼminotidagi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar oziq-ovqat to‘plamlari bilan taʼminlanadi.

Mazkur chora-tadbirlar “Vaqf” xayriya jamoat fondiga ajratiladigan 690 milliard so‘m mablag‘ hisobidan moliyalashtiriladi.

Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi toifalari uchun ehson dasturxonlari yozish, ziyoratgohlar va diniy taʼlim tashkilotlarida qurbonlik tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash, bemorlarni davolash va bolalarga ko‘mak ko‘rsatish bilan bog‘liq tadbirlar shaffof va manzilli tashkil etilishi zarurligini taʼkidladi hamda mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish