Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiy davlatlar tashkiloti Sudyalar kengashlari rahbarlarining IV yig‘ilishi ishtirokchilariga murojaati
May 22, 2026. 10:58 • 3 daq
• 98
(2026-yil 22-may, Toshkent sh.)
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Avvalambor, siz, azizlarni turkiy sivilizatsiyaning qadimiy markazlaridan biri bo‘lgan ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahrida chin dildan tabriklashdan baxtiyorman.
Hech shubhasiz, ushbu yig‘ilishning doimo adolat tamoyillariga tayanib ish yuritgan Sohibqiron Amir Temur saltanatining poytaxtida, ul zotning 690 yillik qutlug‘ tavallud sanasi xalqaro miqyosda keng nishonlanayotgan kunlarda bo‘lib o‘tayotgani anjumanga alohida shukuh bag‘ishlamoqda.
Jahon hamjamiyatidagi o‘rni va nufuzi tobora ortib borayotgan Turkiy davlatlar tashkilotining bugungi kunda turkiy birlik va taraqqiyot borasida muhim rol o‘ynayotgani barchamizga yuksak g‘urur va iftixor yetkazadi.
Muhtaram do‘stlar!
Turkiy davlatlar tashkiloti faoliyatida qonun ustuvorligini taʼminlash, samarali boshqaruv va inson huquqlarini himoya qilish masalalari alohida o‘rin tutadi. Ayniqsa, dunyoning geosiyosiy xaritasida tub o‘zgarishlar yuz berayotgan, qarama-qarshiliklar ko‘lami, nizolar kuchayib borayotgan hozirgi murakkab vaziyatda ana shu masalalarni birgalikda muhokama qilish va bu borada samarali yechimlar topish dolzarb ahamiyatga egadir.
Albatta, mamlakatlarimiz hayotida adolat va qonun ustuvorligini taʼminlovchi, inson huquqlarini himoya qiluvchi va kuchli sudyalar korpusini yaratishda Sudyalar kengashlaridan umidimiz katta.
Ayni shu jihatdan qaraganda, bugungi yig‘ilish kun tartibiga kiritilgan masalalar Kengashlarning istiqboldagi faoliyatida yangi yo‘nalishlarni belgilab beradi, deb ishonaman.
Xususan, anjuman doirasida imzolanishi kutilayotgan Aʼzo davlatlarda Cudyalar odobining umumiy prinsiplari to‘g‘risidagi o‘zaro anglashuv memorandumi turkiy xalqlarning tarixiy-huquqiy anʼanalari umumiyligi va sud tizimlari o‘rtasida mushtarak axloqiy mezonlar hamjihatligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, bu muhim hujjat sudyalarning xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan xulq-atvor mezonlarining ahamiyatini eʼtirof etib, milliy huquqiy anʼanalarga hurmat bilan yondashishni ham ko‘zda tutadi.
Taʼkidlash lozimki, joriy yilning 6-mayida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Odil sudlov akademiyalari forumida sud-huquq sohasida turkiy davlatlar taʼlim tizimini tashkil etishning minimal standartlariga oid xalqaro hujjat qabul qilindi.
Bu mamlakatlarimizda sudyalarni tayyorlashning yangi va universal tizimini joriy etishga qaratilgani bilan, ayniqsa, diqqatga sazovordir.
Qadrli anjuman qatnashchilari!
Sizlar Samarqand yig‘ilishida barcha davlatlar uchun ustuvor vazifalardan biri bo‘lgan qonun ustuvorligini taʼminlash hamda inson huquqlarini himoya qilishdek ezgu maqsadlar yo‘lida salmoqli natijalarga erishasiz, deb ishonaman.
Eng muhimi, bunday forumlar mamlakatlarimiz o‘rtasida strategik sheriklik, xalqlarimiz orasida yaqin do‘stlik va qardoshlik rishtalarini yana-da kuchaytirishga, turkiy dunyoning xalqaro maydondagi obro‘-eʼtibori va nufuzini yuksaltirishga xizmat qilishi, shubhasiz.
Sizlarni ushbu tadbirdagi ishtirokingiz bilan yana bir bor qutlab, g‘oyat sharafli va masʼuliyatli faoliyatingizda ulkan omadlar, mustahkam sihat-salomatlik, anjuman ishiga esa muvaffaqiyat tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




