Logo

Anqara shahrida O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari raisligida oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Yanvar 29, 2026. 20:15 • 2 daq

67
Anqara shahrida O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari raisligida oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

TOSHKENT, 29-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an raisligida bugun oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, tomonlar mazkur yig‘ilish muborak Ramazon oyi hamda ikki mamlakat o‘rtasida Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganiga 30 yil to‘lishi arafasida o‘tayotgani ramziy maʼnoga ega ekanini taʼkidladilar.

Siyosiy muloqot jadal rivojlanayotgani, xalqaro masalalar yuzasidan tomonlarning pozitsiyasi oʻxshash ekani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga kelishib olindi.

Parlamentlararo aloqalar, jumladan, doʻstlik guruhlari doirasida faollashdi.

Oʻzaro savdo hajmi, shuningdek, Turkiyaning yetakchi kompaniyalari bilan qoʻshma korxona va loyihalarning soni izchil ravishda oʻsib bormoqda.

Kelgusi yillarda tovar ayirboshlash hajmini, jumladan, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimdagi tovarlar roʻyxatini kengaytirish orqali 5 milliard dollarga yetkazish vazifasi belgilab olindi.

Tashrifga tayyorgarlik doirasida alohida dastur asosida amalga oshirilishi nazarda tutilgan sanoat kooperatsiyasining yangi ustuvor yoʻnalishlari ishlab chiqilgan.

Shuningdek, hududlararo hamkorlikning ulkan salohiyati qayd etildi. Yil oxiriga qadar Oʻzbekistonning barcha viloyatlaridan delegatsiyalar hamkor hududlar bilan loyihalar portfelini ishlab chiqish maqsadida Turkiyaga tashrif buyuradi.

Qishloq xoʻjaligi, bogʻdorchilik, sogʻliqni saqlash va tibbiy turizm sohalarida Turkiyaning ilgʻor tajribasini joriy etish zarurligi taʼkidlandi.

Turizm yoʻnalishida aloqalarni rivojlantirish, teatr festivallari va madaniyat haftaliklarini oʻtkazish, tarixiy filmlarni birgalikda ishlab chiqarish, madaniy meros obyektlarini hamkorlikda tiklashga alohida eʼtibor qaratildi.

Taʼlim sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida shu yil bahorda Buxoroda toʻrtinchi Rektorlar forumini oʻtkazishga kelishib olindi.

Shuningdek, Qoʻshma hukumatlararo komissiya hamraislarining koʻp qirrali hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari yuzasidan hisobotlari tinglandi.

Yigʻilish yakunida ikki davlat hukumatlariga qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash topshirildi.

Shavkat Mirziyoyev Rejep Tayyip Erdogʻanga Oʻzbekistonga tashrif bilan kelishni taklif qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish