O‘zbekiston Prezidenti Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay’ati raisini qabul qildi

Oktabr 22, 2026. 19:01 • 2 daq

• 142
O‘zbekiston Prezidenti Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay’ati raisini qabul qildi

TOSHKЕNT, 22-oktyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay’ati raisi Baqitjan Sag‘intayevni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, muloqot chog‘ida O‘zbekistonning kuzatuvchi davlat sifatida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli hamkorligi izchil kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

YOII mamlakatlari bilan o‘zaro savdo va investitsiyalar hajmi barqaror o‘sib bormoqda, logistika aloqalari mustahkamlanmoqda.

Mamlakatimiz ittifoqning savdo va yuk tashish sohalarini raqamlashtirish, elektron tijoratni rivojlantirish, iqlim masalalari kabi asosiy sohaviy dasturlarida faol ishtirok etmoqda.

Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan qo‘shma ishchi guruhning to‘rtta yig‘ilishi o‘tkazildi. Texnik tartibga solish tizimlarini o‘zaro yaqinlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot bankining to‘laqonli a’zosiga aylanib, kooperatsiya loyihalari portfeli shakllantirildi.

Joriy yil yakuniga qadar ishchi guruhning navbatdagi uchrashuvini o‘tkazish yuzasidan kelishuvga erishildi. Savdo to‘siqlarini qisqartirish, kooperatsiyani chuqurlashtirish, bojxona va transport tartib-taomillarini raqamlashtirishga qaratilgan yangi Hamkorlik rejasini qabul qilish muhimligi ta’kidlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish