O‘zbekiston Prezidenti YXHT Parlament assambleyasi raisini qabul qildi
Oktabr 22, 2026. 20:01 • 2 daq
• 139
TOSHKЕNT, 22-oktyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) Parlament assambleyasi raisi Pere Joan Pons Sampetroni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda YXHT va uning Parlament assambleyasi bilan hamkorlikni, jumladan, parlamentlararo muloqotni yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Ushbu nufuzli tuzilma bilan aloqalarning ijobiy sur’ati mamnuniyat bilan qayd etildi. YXHT Parlament assambleyasida O‘zbekistonning doimiy delegatsiyasi faoliyat yuritmoqda, assambleya vakillari mamlakatimizdagi saylovlarni kuzatish jarayonlarida muntazam ishtirok etib kelmoqda.
Ekologiya, migratsiya va transport sohalarida konstruktiv muloqot yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekiston vakili assambleyaning Migratsiya bo‘yicha maxsus qo‘mitasi tarkibiga kiritilgan.
Xalqaro masalalar, jumladan, Markaziy Osiyoda mintaqaviy sheriklikni rivojlantirish yuzasidan ham fikr almashildi.
Amaliy hamkorlikni kengaytirish maqsadida yangi ustuvor yo‘nalishlarni belgilab beradigan qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi