Prezident Şavkat Mirziyoyevning Özbek tili bayrami munosabati bilan tabrigi

Oktabr 21, 2026. 18:40 • 5 daq

• 107
Prezident Şavkat Mirziyoyevning Özbek tili bayrami munosabati bilan tabrigi

(2026-yil 21-oktabr, Toşkent ş.)


Qadrli yurtdoşlar!

Siz, azizlarni, butun xalqimizni, xorijdagi vatandoşlarimiz va özbek tilining barça döstlarini 21-oktabr – Özbek tili bayrami kuni bilan samimiy muborakbod etaman.

Dunyodagi eng qadimiy va boy tillardan biri bölgan ona tilimiz olis ajdodlarimizdan bizga buyuk meros bölib kelayotgan öz tilimizdir.

Biz “Öz” degan ezgu ğoyani tilga munosabatimizda ham ana şunday tuşunamiz va joriy etamiz. Ayni şu ğoya özak tomirlarimizdan oziqlanib kelgan ona tilimizga dunyo bilan erkin muloqot qiliş, zamonaviy bilimlarni özlaştiriş, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirişda yangi kuç-quvvat beradi, deb işonamiz.

Albatta, inson aynan til orqali özini anglaydi, oilasi va el-yurtiga mehr tuyğusini ifoda etadi. Xalqning xotirasi, bilim va tajribasi, orzu-umidlari ham tilda mujassam böladi. Davlat tilining qadri va ahamiyati haqida gapirganda, biz, avvalo, ana şu jihatlarni yetakçi öringa qöyamiz.

Bizning buyuk ajdodlarimiz aynan ona tilimiz boyliklaridan ilhom olib, ilm va adabiyot olamida durdona asarlar yaratganlar, inson qalbi va jamiyat hayoti haqida teran fikrlar yozib qoldirganlar. Ana şu an’analarni davom ettirgan holda, öz tilimizning imkoniyatlarini yangi ilm, texnologiya va ijod namunalari bilan boyitiş – bizning mas’uliyatli vazifamizdir.

Özbekiston – turli millat va elat vakillari yagona oila bölib, birgalikda yangi hayot va kelajak barpo etayotgan umumiy Vatanimizdir.

Öz tilimiz davlat tili sifatida fuqarolarimizning muloqot tiliga aylanib, ularning jamiyat hayotida faol iştirok etişlariga xizmat qilayotgani barçamizni albatta quvontiradi.

Ayni paytda har bir insonning ona tili va madaniy qadriyatlariga hurmat va e’tibor – jamiyatdagi döstlik va hamjihatlikning muhim asosi ekanini ham biz yaxşi tuşunamiz. Şu bois yurtimizda qoraqalpoq tili va boşqa tillarning rivojini qöllab-quvvatlaş, özbek tilini örganiş uçun qulay şaroitlar yaratiş borasidagi işlar özaro uyğun va bir-birini töldiradigan holda olib borilmoqda.

Davlat tilini biliş, heç şubhasiz, insonga yangi bilim va imkoniyatlar eşigini oçadi, ularda umumiy hayotimiz, istiqbolimiz uçun daxldorlik hissini kuçaytiradi. Bu borada özbek tilini endigina örgana boşlagan insonga samimiy munosabatda böliş, uning intilişini qöllab-quvvatlaş ayniqsa muhimdir.

Biz yoşlarimizning özbek tilida teran fikrlaşi, çet tillarini puxta egallaşi va jahondagi ijobiy özgarişlarga hamnafas bölişi uçun yanada qulay şaroitlar yaratişimiz zarur. Bu borada tarjima san’ati ham alohida örin tutadi. Biz tarjima orqali insoniyatning tafakkur xazinasidan eng yaxşi asarlarni öz tilimizga olib kiramiz, davlat tilidagi ğoya va asarlarni esa boşqa xalqlarga yetkazamiz.

Ayniqsa, Oksford universitetidagi “Özbekşunoslik dasturi” kabi hamkorlik yönalişlari tarjima asosidagi ana şunday muloqotning namunasi bölib xizmat qilişi mumkin. Çet ellardagi özbek tili öqituvçilari, tadqiqotçi va talabalarning qiziqişini rağbatlantiriş, ularni sifatli adabiyotlar, ta’lim resurslari bilan ta’minlaşga ham alohida e’tibor qaratişimiz lozim.


Muhtaram vatandoşlar!

Tilning hayotimizdagi örni, avvalo, undan qançalik samarali foydalaniş darajasi bilan boğliq. Bola öz fikrini ravon bayon eta olsa, talaba murakkab mavzuni tuşungan holda örgansa, fuqaro rasmiy hujjat mazmunini osongina anglasa – til taraqqiyotining natijasi aynan şunda körinadi.

Şuning uçun ta’lim sohasida asosiy e’tiborni öquvçining öqiş, tuşuniş, gapiriş va savodli yoziş könikmalariga qaratişimiz kerak. Özbek tilini ona tili sifatida örganayotgan bola bilan uni davlat tili sifatida egallayotgan öquvçining ehtiyojlari örtasida albatta farq bor. Darslik va öqitiş usullarini yangilaşda bu albatta hisobga olinişi lozim.

Hayot tajribasi şuni körsatmoqdaki, muallimlarning malakasi, bolalar adabiyoti, kutubxonalar va zamonaviy ta’lim vositalari tilga bölgan mehrni mustahkamlaydi. Oiladagi samimiy suhbat, birgalikda kitob öqiş va bolaning savollariga e’tibor ham şu jarayonning muhim qismi. Şu ma’noda mamlakatimizda kitobxonlikni umummilliy harakatga aylantirib, bu jarayonga katta e’tibor berayotganimiz zamirida ham tilimiz rivoji haqidagi e’tibor mavjud, desak, töğri böladi.

Davlat idoralari bu borada namuna bölişi şart. Qonun, qaror, yöriqnoma va murojaatlarga javoblar ravon, aniq va tuşunarli tilda yozilişi kerak. Fuqaro özining haq-huquqi yoki majburiyatini anglaş uçun ortiqça qiyinçilikka duç kelmasligi lozim. Davlat tiliga hurmat davlat xizmatining sifatida ham körinişi kerak.

Oldimizdagi muhim vazifalardan yana biri – özbek tilida zamonaviy ilmiy manbalardan foydalaniş va yangi tadqiqot natijalarini bayon etiş imkoniyatlarini kengaytirişdan iborat. Tibbiyot, muhandislik, iqtisodiyot va boşqa sohalarda işonçli adabiyotlar, sifatli tarjima matnlari hamda elektron resurslarga ehtiyoj katta.

Bu borada hurmatli olimlarimiz, tilşunos, tarjimon va mutaxassislarning hamkorligi zarur. Atamalarni tanlaşda ma’no aniqligi, ularning tuşunarli va xalqaro ilmiy muloqot bilan boğliq bölişiga e’tibor qaratişimiz kerak. Luğatlarimiz ham tilning jonli taraqqiyoti va yangi bilimlarni izçil aks ettirib borişi lozim.

Yana bir dolzarb vazifa – özbek tilidan bugungi raqamli muhitda ham tölaqonli foydalaniş imkoniyatlarini kengaytirişimiz zarur. Buning uçun sifatli matnlar va nutq namunalarini jamlaş, elektron luğatlar, tarjima va tahrir vositalarini rivojlantiriş alohida ahamiyatga ega.

Nutqni matnga, matnni ovozga aylantiradigan texnologiyalar ta’limda, mehnat jarayonida va kundalik hayotda odamlarga qulaylik yaratişi kerak. Bunday resurslarni tayyorlaşda mualliflik huquqi va şaxsiy ma’lumotlar himoyasiga oid qoidalarga amal qilinişi lozim.

Biz barpo etayotgan inklyuziv jamiyat talablaridan kelib çiqqan holda, ulardan nogironligi bölgan insonlar ham foydalana olişiga alohida e’tibor qaratişimiz zarur.

Sun’iy intellekt vositalarining davlat tilidagi sifati ularning insonga qançalik aniq va foydali yordam berayotgani bilan baholanadi.

Yozuv va imlo masalalarida ham asosiy mezon odamlarning öqişi, yozişi va axborotdan foydalanişi uçun qulaylik bölişi kerak. Bu boradagi yeçimlar ilmiy asos, jamoatçilik bilan muloqot va amaliy tayyorgarlikka tayanişi lozim. Ta’lim, naşriyotlar va raqamli tizimlarning özaro muvofiqligi, turli avlodlarning ehtiyojlari puxta hisobga olinişi zarur.

Fursatdan foydalanib, öz tilimiz ravnaqi yölida fidokorona mehnat qilayotgan olim va tadqiqotçilarga, muallim va tarjimonlarga, adib va jurnalistlarga, noşirlar va axborot texnologiyalari mutaxassislariga samimiy minnatdorlik bildiraman. Özbek tilini mehr bilan örganayotgan yurtdoşlarimiz va xorijlik döstlarimizga ham alohida taşakkur aytaman.

Ona tilimizni sevib, ardoqlab, uning şuhratini oşirişga, dunyo bilan muloqotini kengaytirişga har birimiz munosib hissa qöşaylik!

Siz, aziz vatandoşlarimni yana bir bor tabriklab, sizlarga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinçlik va farovonlik, yutuq va omadlar tilayman.

Özbek tili bayrami barçamizga muborak bölsin!

Şavkat Mirziyoyev,

Özbekiston Respublikasi Prezidenti

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish