O‘zbekiston Prezidenti Samarqand viloyatida yirik loyihalarni ishga tushirish va qurilishini boshlashga start berdi
Mart 18, 2026. 17:15 • 3 daq
• 51
TOSHKENT, 18-mart. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida bugun hududda yirik loyihalarni ishga tushirish va qurilishini boshlashga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tadbir doirasida viloyatda oziq-ovqat, yengil sanoat, kimyo va farmatsevtika, qurilish materiallari, metall va mebel sanoati sohalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Davlatimiz rahbari hududning zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, ilg‘or texnika va texnologiyalari, sanoat mahsulotlari bilan tanishdi.
Samarqand viloyati mamlakatimiz iqtisodiyotida strategik o‘ringa ega hudud sifatida barqaror rivojlanib bormoqda. So‘nggi yillarda bu yerda sanoat hajmi izchil o‘sib, qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhiti mahalliy hamda xorijiy sarmoyalarni keng jalb etishga mustahkam zamin yaratdi. Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalarning soni yildan-yilga ortib borayotgani bu boradagi ijobiy dinamikani yaqqol tasdiqlaydi.
Marosimda shahar va tumanlarda qariyb 7 milliard dollar investitsiya hisobiga 106 ta yangi loyiha ishga tushirish va qurilishga tayyor ekani haqida axborot berildi. Tadbirga videoaloqa orqali yangi qurilayotgan va ishga tushirilayotgan loyihalarning mas’ullari ham ulandi.
Ushbu loyihalar viloyat iqtisodiyotining turli tarmoqlarini qamrab olgan. Jumladan, tog‘-kon sanoati va geologiya, qurilish materiallari, avtosanoat, kimyo sanoati, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, xizmat ko‘rsatish va turizm sohalarida yangi quvvatlarni ishga tushirish hamda istiqbolli obyektlar qurilishini boshlash nazarda tutilgan.
Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev loyihalar ijrochilari, mahalliy va xorijiy kompaniyalar vakillari bilan suhbatlashdi, ularning taklif va tashabbuslarini tingladi. Bu kabi loyihalar Samarqand viloyatining sanoat salohiyatini yanada mustahkamlash, ishlab chiqarish tarmoqlarini modernizatsiya qilish va hududda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda muhim omil bo‘lishi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, Samarqand viloyatidagi yirik loyihalarni ishga tushirish va yangilarining qurilishini boshlab berdi.
Jumladan, Avstriya, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Hindiston va Rossiya bilan hamkorlikda 2 milliard 400 million dollarlik 53 ta loyiha ishga tushdi.
Shuningdek, Niderlandiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Rossiya va Eron bilan hamkorlikda 4 milliard 600 million dollarlik 53 ta loyiha bo‘yicha qurilish ishlari boshlandi.
Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi hisobiga 18 mingta yangi ish o‘rni yaratish, 13 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va buning natijasida 700 million dollarlik eksport salohiyatini ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu esa viloyat sanoatini diversifikatsiya qilish, zamonaviy ishlab chiqarish zanjirlarini kengaytirish va eksport geografiyasini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Shu yerning o‘zida Prezidentimizga Narpay tumanida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish va nasos stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar taqdimot qilindi.
Narpay tumanidagi 8 ta nasos stansiya DXSh asosida xususiy sektorga berilgan. O‘tgan davrda 21 ta nasos agregatlari 12,3 milliard so‘m investitsiya kiritish hisobiga yangilangani natijasida yillik energiya iste’moli 68,1 million kilovatt-soatdan 34,1 million kilovatt-soatgacha kamaytirishga erishildi.
Umuman, Samarqand viloyatining suv xo‘jaligiga yangi ilmiy yondashuvlar joriy qilinmoqda. Bu borada ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash maqsadida viloyat hokimiga ilmiy maslahatchi biriktirilmoqda. Shuningdek, sohada dual ta’lim yo‘lga qo‘yilib, 72 nafar talabaning suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, gidrotexnika va gidroenergetika, kadastr va ekologiya yo‘nalishlarida 6 oylik uzluksiz amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Davlatimiz rahbari bu ishlarni izchil va tizimli davom ettirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi