Ommabop Indoneziya telekanalida O‘zbekiston merosi va taraqqiyoti keng yoritildi
Mart 20, 2026. 14:26 • 2 daq
• 60
JAKARTA, 20-mart. /“Dunyo” AA/. Ramazon hayiti kunlari Indoneziyaning “Garuda TV” telekanali efirida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, yuksak ilmiy salohiyati hamda bugungi kunda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va taraqqiyot jarayonlariga bag‘ishlangan maxsus dasturnamoyish etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur ko‘rsatuvda Toshkent shahrida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Dasturda qayd etilganidek, ushbu markaz islom olamining ko‘p asrlik boy ilmiy va ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, uni zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida tahlil qilish va keng jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bilan birga, markaz nafaqat tarixiy merosni saqlash, balki uning mazmun-mohiyatini yosh avlod ongiga singdirish, xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish va turli madaniyatlar o‘rtasida o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilayotgan zamonaviy ilmiy-ma’rifiy platforma sifatida baholandi.
Ko‘rsatuv doirasida jahon tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalar – Ibn Sino, Imom Buxoriy va Muhammad al-Xorazmiy kabi mutafakkirlarning boy ilmiy merosi chuqur tahlil etildi. Ularning asarlari va kashfiyotlari nafaqat o‘z davrida, balki bugungi kun fan va texnologiya taraqqiyoti uchun ham mustahkam ilmiy poydevor bo‘lib xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston zamini azaldan ilm-fan va ma’rifat markazi sifatida shakllangani, bugungi kunda esa yangi avlod ushbu boy an’analarni munosib davom ettirayotgani Indoneziya auditoriyasiga ta’sirchan va mazmunli tarzda yetkazildi.
Materialda O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi markazlaridan biri sifatidagi tarixiy o‘rni, madaniy va ma’naviy merosni asrab-avaylash hamda uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga qaratilgan izchil davlat siyosati ham batafsil yoritildi. Shu bilan birga, mamlakatning turli davlatlar, jumladan Indoneziya bilan madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslari alohida e’tirof etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi