Logo

O‘zbekiston Prezidenti: Surxondaryoning eli mehnatkash, tanti, bu yerda hali ko‘p yangiliklarni amalga oshiramiz

Fevral 26, 2026. 16:51 • 4 daq

187
O‘zbekiston Prezidenti: Surxondaryoning eli mehnatkash, tanti, bu yerda hali ko‘p yangiliklarni amalga oshiramiz

TOSHKENT, 26-fevral. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivini borib ko‘rdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, mamlakatimizda aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish, zamonaviy va shinam turar joylar barpo etish ishlari izchil kengaymoqda. Davlatimiz rahbarining 2021-yil 12-oktyabrdagi farmoniga muvofiq, “Yangi O‘zbekiston” massivlarining qurilishi va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Zamonaviy shaharsozlik talablari asosida barpo etilayotgan shunday loyihalardan biri Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida qad rostlamoqda.

Cho‘l hududini o‘zlashtirish hisobiga bunyod etilayotgan massivning 50 gektarida 116 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Hozirgacha poliklinika, 180 o‘rinli bog‘cha, 330 o‘rinli maktab va mahalla binosi foydalanishga topshirilib, 68 ta uydagi 1,5 mingta xonadonga aholi ko‘chib kirdi.

Shuningdek, axborot texnologiyalari va ingliz tili o‘quv markazi ish boshlagan, 7 ta mikromarkaz hamda 5 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyekti qurilgan. Ichimlik suvi, issiqlik tarmoqlari, 3 kilometrga yaqin gaz quvuri tortilib, 250 kilovattli transformator o‘rnatilgan. 4,5 gektar yerga manzarali va mevali daraxtlar, dasht hududidagi 300 gektar maydonga esa saksovul o‘simliklari ekilgan.

Kelgusida bu yerda yana 50 ga yaqin uy qurilishi ko‘zda tutilgan. Xususan, joriy yilda yana 14 ta (280 xonadonli) ko‘p qavatli uy-joy, yangi yo‘llar, ko‘kalamzorlashtirish ishlari hamda istirohat bog‘i barpo etilishi rejalashtirilgan.

Tashrif chog‘ida Prezidentimiz massiv hududida faoliyat yuritayotgan “Yangi yoshlar” boshqaruv servis kompaniyasining ishi bilan tanishdi. Kompaniya tumandagi 161 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatadi, shundan 54 tasi mazkur massivda joylashgan. Hududdagi ko‘p qavatli uylar tomiga 5-15 kilovattli quyosh panellari o‘rnatilgan.

Inklyuziv taʼlim har bir bolaning jismoniy yoki aqliy holatidan qatʼiy nazar, maktabga borishi va sifatli taʼlim olishini taʼminlashni nazarda tutadi.

Davlatimiz rahbari massivdagi 66-maktabda yaratilgan shart-sharoitlar, xususan, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun tashkil etilgan imkoniyatlar bilan tanishdi.

Maktabda bugun 500 dan ziyod o‘quvchi taʼlim olmoqda. Nogironligi bor bolalarni zamonaviy standartlar asosida o‘qitish uchun alohida yondashuvlar joriy etilgan, 50 ga yaqin maxsus mutaxassis va pedagoglar faoliyat yuritmoqda. Maktab hovlisi, yo‘laklar, o‘quv xonalari, ovqatlanish, muolaja xonasi hamda sport zali zarur sharoitlar bilan taʼminlangan.

Davlatimiz rahbari maktabda yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, sunʼiy intellekt, raqamlashtirish bilan bog‘liq yo‘nalishlarning yoshlar hayoti va kelajagi uchun naqadar muhimligiga eʼtibor qaratdi.

– Sunʼiy intellektga o‘qitish dasturlarini bejiz maktablar taʼlimiga joriy etmayapmiz, o‘quvchilar oliy taʼlim muassasalari, mehnat bozoriga kelajak kasblari uchun tayyor bo‘lib borishlarini istaymiz, – dedi Prezident.

Shundan so‘ng Prezidentimiz massivdagi xorijiy tillar va axborot texnologiyalari o‘quv markazini ko‘zdan kechirdi.

6,5 milliard so‘m hisobiga barpo etilgan 400 o‘rinli majmua yiliga 2 mingdan ortiq yoshga taʼlim olish va loyihalar ustida ishlash imkonini beradi. Bu yerda 200 nafarga yaqin o‘quvchi kompyuter savodxonligi va “front-end” yo‘nalishlarini muvaffaqiyatli yakunlab, sertifikat olgan. 150 nafarga yaqin o‘quvchi IELTS imtihonlarida B2 va undan yuqori natijalarni qayd etgan. Markazda 20 ga yaqin mutaxassislar faoliyat yuritmoqda.

Davlatimiz rahbari yoshlarni ilmga yo‘naltirish, jumladan, xorijiy tillarni o‘rgatishga qaratilgan bunday majmualar ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.

– Bugun bunday markazlarning kelajak intilishlarini qo‘llab-quvvatlashimiz, kerak bo‘lsa, ularning saʼy-harakatlarini birlashtirib, xorijiy hamkorlar bilan bog‘lashimiz lozim. Shunda ota-onalar farzandlarini ishonch bilan mana shunday markazlarda o‘qitadi, – dedi Prezident.

Ko‘klam yaqinlashishi bilan hududlarda bahoriy bayram sayillarini uyushtirish anʼanaga aylangan. Prezidentimiz massivdagi sumalak saylida ishtirok etib, aholi bilan birga shodiyona kayfiyatda bo‘ldi, bu yerda istiqomat qilayotgan insonlarning samimiy fikrlariga quloq tutdi.

– Bugun jahon hamjamiyati O‘zbekistonga hurmat bilan qaramoqda, xalqimiz uchun yaratilayotgan sharoitlarni ko‘rib, islohotlarning samarasiga guvoh bo‘lmoqda. “Yangi O‘zbekiston” massivlari ham odamlarimiz farovon hayot kechirishi, shinam uylarda yashashi uchun barpo etilyapti. Men doim “taʼlim-taʼlim” deb bejiz aytmayapman. Bilimimiz, mana shunday bunyodkorona mehnatimiz bilan yurtimizning obro‘-eʼtiborini yanada yuksaltirib, dunyoda munosib o‘rin egallaymiz. Surxondaryoning eli mehnatkash, tanti, bu yerda hali ko‘p yangiliklarni amalga oshiramiz, – dedi Prezident.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish