Logo

Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda

Fevral 23, 2026. 12:56 • 3 daq

63
Bugun dunyoda: Xorijiy OAV sharhi qisqa satrlarda

Kim Chen In prezidentlikka qayta saylandi

Kecha Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Mehnat partiyasi bosh kotibi lavozimiga qayta saylandi. Bu haqda Shimoliy Koreya davlat axborot agentligi xabar bergan. Saylov Pxenyanda bo‘lib o‘tgan Koreya Mehnat partiyasining to‘qqizinchi syezdi davomida o‘tkazilgan. Qurultoy har besh yilda bir marta tashkil etiladi. Unda Markaziy qo‘mita aʼzolari ham saylanadi va partiya nizomiga ayrim o‘zgartirishlar kiritiladi.

Manba: Kcna Watch

***

Rossiyada vatandoshimiz 7-qavatdan tushib ketgan bolakayni qutqarib qoldi

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida ko‘p qavatli uydan qulagan bolani o‘zbekistonlik fuqaro qutqarib qoldi. Petrozavodskaya ko‘chasidagi ko‘p qavatli uyning 7-qavatida ochiq deraza yonida planshet o‘ynayotgan yetti yoshli bola muvozanatni yo‘qotib yiqilib tushgan, biroq karnizni ushlab qolgan. Ko‘chani tozalayotgan O‘zbekiston fuqarosi uni payqab, derazadan uzoqlashishni so‘ragan. Ammo bola karnizni ushlab turolmay, qo‘llarini qo‘yib yuborgan va pastga tushib ketganida qtandoshimiz uni tutib qolgan.

Manba: 78.ru

***

Misrga kirish vizasi narxi ko‘tariladi

Misrga kirish vizasi narxi shu yil 1 martdan boshlab oshiriladi. Bu haqda mamlakat Turistik kompaniyalar va agentliklar palatasi xabar bergan. Vizalar narxi 25 dollardan 30 dollargacha ko‘tariladi. Ushbu chora sayyohlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini va Misr sayyohlik yo‘nalishining raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan. O‘zgarish faqat Qohira va Xurgada aeroportlari orqali keladigan sayyohlarga taʼsir qiladi. Sharm ash-Shayx mehmonlari uchun 15 kunlik bepul “Sinay muhri” saqlanib qoladi. Ammo hududdan tashqariga chiqishda viza uchun to‘lov qilish kerak bo‘ladi.

Manba: Cairo 24

***

Tramp qarorgohiga kirmoqchi bo‘lgan kishi otib o‘ldirildi

AQSh Maxfiy xizmati 20 yoshli erkakni Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohi hududiga ruxsatsiz kirishga uringani uchun otib o‘ldirdi. Hodisa vaqtida qarorgohda hech kim bo‘lmagan, Prezident Donald Tramp Vashingtonda bo‘lgan. Bu haqda AQSh Maxfiy xizmati matbuot kotibi Entoni Gulyelmi X ijtimoiy tarmog‘ida xabar bergan. Halok bo‘lgan shaxsning ismi oshkor etilmagan, uning 20 yoshda ekani maʼlum. Bayonotda aytilishicha, u qarorgohning shimoliy darvozasi yaqinida miltiqqa o‘xshash buyum va yoqilg‘i bilan payqab qolingan.

Manba: Entoni Gulyelmi

***

Eron Rossiyadan zenit-raketa komplekslari va minglab raketalar sotib oladi

Eron Rossiyadan 500 ta “Verba” mobil uchirish qurilmasi va taxminan 2 500 ta 9M336 turidagi ko‘chma zenit raketasini xarid qiladi. bitim qiymati 500 million yevroga baholanmoqda va yetkazib berish uch yil davomida amalga oshiriladi. Tegishli shartnoma Moskva va Tehron o‘rtasida 2025 yil dekabr oyida imzolangan. 

Manba: Financial Times

***

Meksikada mashhur narkobaron “El Mencho” o‘ldirildi

Meksikada uzoq vaqt qidiruvda bo‘lgan “Xalisko yangi avlod” narkokarteli rahbari Nemesio Osegera Servantes (laqabi “El Mencho”) harbiy operatsiya chog‘ida o‘ldirildi. Operatsiya mamlakat g‘arbidagi Tapalpa shahrida o‘tkazilgan. “El Mencho” kasalxonaga olib ketilayotgan vaqtda olgan jarohatlaridan vafot etgan. Narkokartelning yana to‘rt aʼzosi halok bo‘lgan, ikki nafari og‘ir yaralangan. Harbiylar orasida uch kishi jarohat olgan. “El Mencho” 59 yoshli sobiq politsiyachi hisoblanadi. U AQShga yirik miqdordagi kokain, metamfetamin va fentanil kontrabandasi uchun masʼul bo‘lgan kuchli jinoiy tashkilotni boshqargan. AQSh uning qayerdaligini aniqlashga yordam beradigan maʼlumot uchun 15 million dollar mukofot eʼlon qilgan edi.

Manba: BBC

***

AQSh G‘azoda yirik harbiy baza qurmoqchi

Tramp maʼmuriyati G‘azo sektorida 350 akr maydonda 5000 kishilik harbiy baza qurishni rejalashtirmoqda. Ushbu majmua kelgusida shakllantiriladigan, ko‘p millatli, to‘liq ko‘ngillilardan tuziladigan Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari uchun harbiy amaliyot bazasiga aylanishi kutilyapti. Istehkom G‘azo sektori janubidagi qurg‘oqchil tekislikda qad ko‘taradi.

Manba: Gvardian

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish