O‘zbekiston Prezidenti davlat boshqaruvida yagona raqamli platformani joriy etish chora-tadbirlarini maʼqulladi
Iyul 07, 2026. 15:32 • 4 daq
• 146
TOSHKENT, 7-iyul. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun davlat boshqaruvining yagona integratsiyalashgan raqamli platformasini joriy etish, startaplar ekotizimini rivojlantirish hamda telekommunikatsiya sohasida tadbirkorlik muhitini yaxshilash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda mamlakatimizda raqamli davlat xizmatlarini kengaytirish, davlat idoralari faoliyatiga zamonaviy axborot tizimlarini joriy etish, aholi va tadbirkorlar uchun qulayliklarni oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Buning natijasida O‘zbekiston BMTning “Elektron hukumat” reytingida 24 pog‘ona yuqoriladi. 2030 yilga qadar mamlakatimizni ushbu yo‘nalishda kuchli 30 ta davlat qatoriga kiritish maqsad qilingan.
Joriy yilda raqamli xizmatlar soni 880 taga, ulardan foydalanuvchilar soni esa 15,5 million nafarga yetishi kutilmoqda. Taqqoslash uchun, 2024-yilda raqamli xizmatlar soni 525 ta, foydalanuvchilar soni 4 million nafar bo‘lgan.
Qolaversa, davlat boshqaruvida maʼlumotlar bazalari va axborot tizimlari turli idoralar kesimida tarqoq holda shakllangani, ularni tahlil qilish va qaror qabul qilish jarayonlarida yagona yondashuv yetishmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois, davlat boshqaruvining yagona integratsiyalashgan raqamli platformasini bosqichma-bosqich joriy etish taklif qilindi. Mazkur tizim orqali hudud iqtisodiyoti, investitsiya, ekologiya, xavfsizlik masalalari, aholini qiynayotgan muammolar, mahallalarning farovonlik darajasi, fazoviy maʼlumotlar, obyektlar va xarita qatlamlari yagona platformada aks ettiriladi.
Platforma sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida maʼlumotlarni tahlil qilish, hududlar kesimida muammolarni barvaqt aniqlash, qarorlar ijrosini monitoring qilish, resurslarni to‘g‘ri yo‘naltirish va boshqaruv samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Davlatimiz rahbari joriy yilda ushbu raqamli boshqaruv tizimini poytaxtda, kelgusi yildan esa barcha hududlarda joriy qilish zarurligini taʼkidladi.
Taqdimotda tovar va xizmatlarni yagona milliy tasniflash tizimini ishga tushirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Hozirda bojxona, soliq, statistika va boshqa idoralar turli tovar klassifikatorlaridan foydalanmoqda. Bu esa biznes xarajatlarining ortishi, hisobotlar aniqligi pasayishi va idoralararo maʼlumot almashinuvida qiyinchiliklarga sabab bo‘lmoqda.
Yagona milliy tasniflash tizimi joriy etilsa, tadbirkorlar uchun ortiqcha byurokratik jarayonlar qisqaradi, davlat idoralari o‘rtasida maʼlumot almashinuvi soddalashadi, statistik hisobotlarning aniqligi oshadi.
Shuningdek, milliy navigatsiya tizimini yaratish taklifi bildirildi. Bugungi kunda mamlakatimizda mazkur yo‘nalishda asosan xorijiy platformalardan foydalanilayotgani qayd etildi. Milliy navigatsiya tizimi geomaʼlumotlarni yagona standart asosida shakllantirish, transport, logistika, tezkor xizmatlar, shaharsozlik va davlat xizmatlarini sifatli tashkil etishga xizmat qiladi.
Taqdimotda AT sohasi eksporti va startaplar ekotizimini rivojlantirish rejalari ham ko‘rib chiqildi. 2030-yilgacha AT eksportini 5 milliard dollarga yetkazish, 5 mingta faol startap tashkil etish va 2 milliard dollar investitsiya jalb qilish maqsad qilingan.
Xalqaro “StartupBlink” reytingida O‘zbekiston 31 pog‘ona yuqorilab, dunyodagi eng tez o‘sayotgan startap ekotizim sifatida baholangani, Toshkent shahri Markaziy Osiyo shaharlari orasida 1-o‘rinni egallagani, Samarqand va Farg‘ona ilk bor dunyoning TOP-1000 startap shaharlari reytingiga kirgani qayd etildi.
Bu borada “Talent Hub” dasturi ishga tushirilishi belgilangan. U orqali xorijiy mutaxassislar va investorlarga masofadan korxona, bank hisobraqami va xalqaro karta ochish imkoniyati yaratiladi. IT-Park rezidentlarining xodimlari uchun soliq imtiyozlarini 2040-yilgacha uzaytirish, “IT visa” va “Zero Risk” dasturlarini kengaytirish taklif qilindi.
Shuningdek, AT eksportchi korxonalariga oylik ish haqi xarajatlarining bir qismini qoplab berish, xalqaro sertifikatlash xarajatlarini kompensatsiya qilish, xorijiy buyurtmachilar va mutaxassislarni jalb etish uchun relokatsiya xarajatlarini qisman qoplash kabi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ko‘zda tutilmoqda.
Buxoro va Farg‘onada 20 dan ortiq akseleratsiya dasturlarini tashkil etish, startaplarni yirik xalqaro bozorlarga olib chiqish bo‘yicha ham takliflar taqdim etildi.
Yig‘ilishda telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. So‘nggi yillarda aholi yashash maskanlarini telekommunikatsiya xizmatlari bilan qamrab olish darajasi 41 foizdan 98 foizga yetdi, umumiy internet o‘tkazish qobiliyati 65 barobar oshdi.
Shu bilan birga, mahalliy tadbirkorlar uchun telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish hali yetarlicha jozibador emasligi, olis hududlarda simli internetdan foydalanuvchilar ulushi juda pastligi ko‘rsatib o‘tildi.
Sohada biznes muhitini yaxshilash maqsadida telekommunikatsiya tarmoqlarini loyihalash va qurish bo‘yicha mavjud 2 ta litsenziya turini bittaga birlashtirish, litsenziya berish muddatini 25 ish kunidan 10 ish kuniga qisqartirish taklif qilindi.
Ko‘p qavatli uylarni yuqori tezlikdagi internetga ulanish texnologiyasi asosida loyihalash va qurish talabi joriy etiladi. Bu yangi uy-joylarda optik tolali internet infratuzilmasini avvaldan hisobga olish, aholiga sifatli raqamli xizmatlar ko‘rsatish imkonini beradi.
Sohada o‘zi ishini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlar uchun “Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida 2 yil imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga 15 foiz stavkada 530 million so‘mgacha kreditlar ajratish taklif qilindi. Olis va chekka hududlarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlar uchun imtiyozli tarif rejalari ishlab chiqiladi.
Prezidentimiz takliflarni maʼqullab, davlat idoralari maʼlumotlarini integratsiya qilish, raqamli xizmatlar sifatini oshirish, kiberxavfsizlik va shaxsiy maʼlumotlar himoyasini taʼminlash, sohada xususiy sektor uchun yana-da qulay muhit yaratish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi