Andijonda sanoat korxonalari uchun malakali kadrlar tayyorlanmoqda
Sentabr 23, 2026. 15:25 • 2 daq
• 49
TOSHKЕNT, 23-sentabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Andijon tumanidagi “Ipak yo‘li” sanoat zonasi hududida joylashgan texnikum faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimizda yangi sanoat korxonalarini ishga tushirish bilan bir qatorda ular uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ham ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bunda ta’lim jarayonini ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘lash muhim o‘rin tutadi.
“Andijon-Huanya” xalqaro texnikumi ana shu maqsadda tashkil etilgan. Texnikum “Ipak yo‘li” hududidagi to‘qimachilik, mashinasozlik, elektrotexnika va boshqa yuqori texnologiyali korxonalar uchun talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlaydi.
Loyihaning umumiy qiymati 15 million dollarni tashkil etib, to‘liq xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirildi. Natijada 150 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
To‘rt gektar maydonda 5 ming nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan zamonaviy o‘quv binosi qurib bitkazildi. Keyingi bosqichda yotoqxona, laboratoriya binosi, sport maydonchasi, oshxona va yashil hudud barpo qilinadi.
Muassasada dual ta’lim tizimi joriy etilgan. O‘quvchilar nazariy bilimlarni texnikumda egallab, amaliyotni sanoat zonasidagi yirik korxonalarda o‘taydi. Shu tariqa ular o‘qish davridayoq ishlab chiqarish jarayoni, zamonaviy uskuna va texnologiyalar bilan yaqindan tanishadi.
Texnikum joriy yil iyun oyida ishga tushirildi. Hozirda bu yerda 210 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. 2030-yilga qadar yillik qabulni 1 ming 800 nafarga, o‘quvchilarning umumiy sonini esa 4 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, ta’lim yo‘nalishlarining soni 20 tagacha ko‘paytiriladi.
Prezidentimiz texnikumda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, yoshlar va investor bilan suhbatlashdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi