O‘zbekiston Prezidenti telefon orqali Rossiya parlamenti yuqori palatasi raisini tavallud kuni bilan tabrikladi
Aprel 07, 2026. 15:19 • 2 daq
• 136
TOSHKENT, 7-aprel. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federal Majlisi Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, suhbat avvalida O‘zbekiston yetakchisi Valentina Matviyenkoni tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga ikki mamlakat parlamentlari faol hissa qo‘shayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Parlamentlar yuqori palatalari hamkorligi bo‘yicha komissiyaning yig‘ilishlari har yili o‘tkazib kelinmoqda. MDH Parlamentlararo assambleyasi doirasidagi aloqalar ham samarali yo‘lga qo‘yilgan.
Muloqot yakunida O‘zbekiston yetakchisi ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi yaqin va sermahsul hamkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi.
Surat O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olindi
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi