O‘zMU va Shvetsiyaning nufuzli universiteti o‘rtasida akademik almashinuv dasturlarini 2026-yildan boshlash bo‘yicha muhim kelishuvga erishildi
Mart 16, 2026. 13:13 • 2 daq
• 15
STOKGOLM, 16-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Raxmatulla Nurimbetov dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Uppsala universitetining Xalqaro mobillik ofisi rahbari doktor Yeva Syoderman bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv davomida ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida akademik aloqalarni kengaytirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini faollashtirish hamda o‘zbekistonlik yoshlar uchun Shvetsiyada ta’lim olish imkoniyatlarini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Yeva Syodermanning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning inson kapitali sohasidagi ulkan salohiyati va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dinamikasi Shvetsiya universitetlari uchun hamkorlikni kengaytirishda muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Uchrashuvda asosiy e’tibor qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini boshqarish, atrof-muhit muhofazasi, “yashil” energetika, konchilik va biotexnologiya kabi strategik yo‘nalishlarda yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratildi.
Muloqotning amaliy natijasi o‘laroq, “Erasmus+” dasturi doirasida Uppsala universiteti va O‘zbekiston Milliy universiteti (O‘zMU) o‘rtasidagi akademik almashinuv dasturlarini 2026-yildan boshlash bo‘yicha muhim kelishuvga erishildi.
1477-yilda asos solingan Uppsala universiteti Shvetsiyadagi eng qadimiy va nufuzli oliygoh bo‘lib, dunyoning eng yaxshi 100 ta universiteti qatoriga kiradi. Hozirda unda 50 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda. Ushbu hamkorlik O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish va innovasion iqtisodiyot uchun mutaxassislar tayyorlashda muhim xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi