O‘zbekiston Prezidenti Qozog‘iston Prezidentini yangi Konstitutsiya loyihasi bo‘yicha referendum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan telefon orqali tabrikladi
Mart 16, 2026. 11:03 • 2 daq
• 181
TOSHKENT, 16-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisi Qozog‘iston Prezidentini yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi bo‘yicha referendum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabrikladi.
Qabul qilingan yangilanishlar Qozog‘istonning barqaror taraqqiyotini ta’minlash va mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlashga ishonchli huquqiy asos bo‘lishi va qo‘shimcha sur’at bag‘ishlashi ta’kidlandi.
O‘zbekiston-Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish nuqtayi nazaridan yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor sohalarda qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Yetakchilar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar, bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini muhokama qildilar.
Davlat rahbarlari, shuningdek, birodar xalqlarimizni yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami bilan samimiy qutlab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va bardavom ravnaq tiladilar.
Surat O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olindi
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi