Logo

O‘zbekiston Prezidenti Turkiya Prezidentini tavallud kuni bilan telefon orqali tabrikladi

Fevral 26, 2026. 19:50 • 53 soniya

98
O‘zbekiston Prezidenti Turkiya Prezidentini tavallud kuni bilan telefon orqali tabrikladi

TOSHKENT, 26-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anni tavallud kuni bilan samimiy tabrikladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti Turkiya yetakchisiga mustahkam sog‘lik va farovonlik, davlatchilik faoliyatida katta muvaffaqiyatlar, qardosh turk xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Prezidentlar, shuningdek, butun musulmon ummati uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyi bilan bir-birlarini dildan qutladilar.

O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini joriy yil yanvar oyida Anqara shahrida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatlararo hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yaqinda bo‘lib o‘tgan Strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishining natijalari ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘targani ta’kidlandi.

Ishlab chiqilgan "yo‘l xaritalari" asosida kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Yetakchilar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar, bo‘lajak tadbirlar rejasini muhokama qildilar.

Surat O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olindi

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish