Logo

O‘zbekiston Prezidenti Xalqaro avtomobil federatsiya delegatsiyaschini qabul qildi

Dekabr 09, 2025. 23:05 • 2 daq

225
O‘zbekiston Prezidenti Xalqaro avtomobil federatsiya delegatsiyaschini qabul qildi

TOSHKENT, 9-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Xalqaro avtomobil federatsiyasining (FIA) Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Bosh assambleyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizda bo‘lib turgan ushbu nufuzli tashkilotning prezidenti Muhammad bin Sulaym boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuvda delegatsiya tarkibida FIA Senati prezidenti Karmelo Sans de Barros hamda mobillik va turizm bo‘yicha vitse-prezidenti Tim Shirman ham ishtirok etdilar.

Avtosportni tartibga soluvchi va yo‘l harakati xavfsizligini targ‘ib qiluvchi ushbu global tashkilot bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Muhammad bin Sulaym O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan professional va ommaviy sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, aholi o‘rtasida jismoniy faollikni oshirish hamda barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi.

Mamlakatimizda avtomobil sportining kartingdan tortib, to “Formula” poygalarigacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlarini rivojlantirishda yaqindan hamkorlik qilish muhimligi qayd etildi.

FIA universitetining imkoniyatlaridan foydalangan holda o‘zbekistonlik poygachilar, karting haydovchilari, muhandislar, konstruktor va mexaniklarni tayyorlash, O‘zbekistonda zamonaviy avtosport infratuzilmasini yaratish, piyoda va transport vositalari harakati xavfsizligini taʼminlash dasturlarini amalga oshirishga ko‘maklashish hamda mazkur xalqaro tashkilot shafeligida xalqaro musobaqalar, avvalo, “Formula-1” bosqichlarini o‘tkazish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida mamlakatimiz yetakchisi Xalqaro avtomobil federatsiyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonda avtosportni xalqaro standartlarga muvofiq ommalashtirishga qo‘shgan katta shaxsiy hissasi uchun FIA rahbariga davlatimizning yuksak mukofoti – “Do‘stlik” ordenini topshirdi.

Taʼkidlash joiz, O‘zbekiston 2019 yildan buyon federatsiyaning faol aʼzosi hisoblanadi. O‘tgan yili Samarqandda FIAning 120 yilligiga bag‘ishlangan navbatdan tashqari Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tgan edi. Bu yilgi tadbir doirasida 12 dekabr kuni “Humo Arena” majmuasida yuqori martabali xorijiy mehmonlar va chempion poygachilar ishtirokida eng namunali sportchilar va jamoalarni taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish