O‘zbekiston Prezidenti “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etdi
Aprel 01, 2026. 13:25 • 4 daq
• 120
TOSHKENT, 1-aprel. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirida ishtirok etib, Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga start berdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisi tadbirda nutq so‘zlar ekan, xalqimiz azal-azaldan Navro‘z kunlarida, oilasida farzand tug‘ilganda tomorqasiga, maydon va xiyobonlarga, yo‘l chetlariga yaxshi niyat bilan ko‘chat qadab, gulu rayhonlar ekkanini taʼkidladi.
Ana shu ezgu qadriyatlar zamirida so‘nggi besh yildan buyon “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilib, har yili 200 million tup ko‘chat ekib kelinmoqda.
O‘tgan davrda 2 ming gektardan ziyod maydonda 942 ta yashil bog‘ va yashil jamoat parklari, 47 ta massivda “Yangi O‘zbekiston bog‘lari” barpo etildi. Respublikaning tog‘, cho‘l va adir hududlarida 256 ming gektar o‘rmon tashkil qilindi. Orolning qurigan tubida 2 million gektar maydonda yashil qoplamali himoya o‘rmonzorlari yaratildi. Shamol va qum-chang bo‘ronlarining zararli taʼsirini oldini olish maqsadida 33 ta tumanda 60 kilometrli “yashil belbog‘” hosil qilindi.
O‘tgan yili Xo‘jayli, Yangibozor, G‘ijduvon, Baliqchi va Ohangaron tumanlarida yiliga 5,5 million tup manzarali daraxt ko‘chatlari yetishtirish imkonini beradigan zamonaviy ko‘chatxonalar ishga tushirildi. Shuningdek, cho‘llanishni kamaytirish maqsadida Xitoy tajribasi asosida joriy yil ilk bor Arnasoy, Qorako‘l, Muborak, Karmana va Nukus tumanidagi 50 gektar maydonda suvsizlikka chidamli galofit bog‘lari yaratildi. Taʼkidlanganidek, bu yerda yetishtirilgan galofit urug‘lari kelgusida minglab gektar yerlarda sho‘rlanishni kamaytirish va tuproq unumdorligini oshirishga xizmat qiladi.
Umuman, qisqa davrda respublikada yashillik darajasi 8 foizdan 14,2 foizga oshdi. O‘tgan hafta Prezidentimiz imzolagan yangi farmonga muvofiq, 2030 yilga qadar mamlakatimizda umumiy yashillik darajasini 30 foizga, jon boshiga to‘g‘ri keladigan yashil hududlarni 10 kvadrat metrga yetkazish bo‘yicha katta marra belgilandi.
Shu maqsadda Surxondaryoda 10 ming gektarda “yashil makon”, Sirdaryoda 84 kilometrli “yashil devor” barpo etiladi. Qoraqalpog‘istonda 1 million gektar, Navoiy va Buxoroda 300 ming gektardan, Xorazmda 85 ming gektar cho‘l hududida yangi o‘rmonzorlar yaratiladi. Shuningdek, viloyat hokimlarining har biri kamida 100 gektar maydonda botanika va dendrologiya bog‘lari, 20 tadan soya-salqin sayr ko‘chalari tashkil qilishga masʼul bo‘ladi.
Ekologiya va aholi salomatligi eng dolzarb masalaga aylanib borayotgan hozirgi sharoitda hududga mos daraxt turlarini tanlash va ekishda Xalqaro molekulyar allergologiya markazining tavsiyalari ham muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Joriy yildan har bir hududda “yashil” texnikumlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, dual taʼlim asosida yiliga 10 ming nafar mutaxassis tayyorlash boshlanadi. Botanika va dendrologiya bog‘lari ushbu texnikum o‘quvchilari uchun amaliyot bazasiga, ilmiy xodimlar uchun esa tadqiqot maydoniga aylanadi.
Prezidentimiz hududlarda yashil bog‘lar yaratish bo‘yicha aholi va deputatlar ishtirokini yanada kengaytirishni taklif qildi. Ilgari “Mening bog‘im” dasturi doirasida har bir loyihaga byudjetdan 250 million so‘mgacha mablag‘ berilgan bo‘lsa, endi bu miqdor 400 million so‘mga oshiriladi. Har bir yashil bog‘ va jamoat parki uchun aholi o‘zi tanlagan, yashash hududlariga yaqin va eng muhimi, suv taʼminoti mavjud joylardan 1 gektargacha yer ajratiladi. Bu yilgi mavsumdan Qonunchilik palatasining har bir deputatiga ham o‘z okrugida yashil hudud va yashil bog‘ yaratishi uchun 412 million so‘mdan mablag‘ beriladi.
Davlatimiz rahbari xalqimizda “Yaxshidan bog‘ qoladi”, “Bir ko‘chat – ming baraka”, “Farzand ko‘rsang, to‘y qilsang, daraxt ek” degan hikmatli so‘zlar bejiz aytilmaganini taʼkidladi. Bu kabi milliy qadriyatlarning ahamiyati bugun har qachongidan ham dolzarb bo‘lib borayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan Prezidentimiz mahalla raislari, otaxon va onaxonlarimiz, xotin-qizlar vakillari hamda barcha faollarni joylarda milliy urf-odatlar, anʼana va qadriyatlarni yanada kengroq targ‘ib qilishga, klublar va jamoalar tashkil etib, har bir ko‘cha, xonadon, yo‘l bo‘ylariga nihol va gullar, qir-adirlarga daraxt va butalar ekishda bosh bo‘lishga chaqirdi.
Poytaxtimizda 108 gektar maydonda Milliy dendrologiya bog‘i tashkil qilinmoqda. Bu yerdagi “Yashil” universitet hududida “Ilm – loyiha – amaliyot” zanjiri asosida barpo etilayotgan “in-vitro” laboratoriyasi, Dorivor o‘simliklar hamda Urug‘chilik va seleksiya markazlari ham shu yilning o‘zida ishga tushiriladi.
Prezidentimiz tadbirda ishtirok etayotgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘rmonlar bo‘yicha forumi raisi Ismoil Belen, forum Kotibiyati direktori Julyet Biao, xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi diplomatik korpusi vakillari hamda barcha ishtirokchilarga samimiy minnatdorchilik bildirdi.
Tadbir yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokchilar bilan birgalikda Milliy dendrologiya bog‘ining ilk 5 gektar maydonida manzarali ko‘chatlar ekdi. Bu bilan bir vaqtda respublikamizning barcha hududlarida 21 mingga yaqin yurtdoshimiz yana 164 gektar maydonda 88 ming tup ko‘chat o‘tqazdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi