O‘zbekiston Prezidenti “BMT Turizm” bosh kotibi Shayxa Nosir Al Novaysni qabul qildi
Aprel 01, 2026. 17:58 • 2 daq
• 67
TOSHKENT, 1-aprel. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan “BMT Turizm” bosh kotibi Shayxa Nosir Al Novaysni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston va BMTning ushbu ixtisoslashgan muassasasi o‘rtasidagi ko‘p qirrali va uzoq muddatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tashkilot rahbari O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak baholadi. Sayyohlik infratuzilmasini modernizatsiya qilish va xizmatlarni diversifikatsiya qilish bo‘yicha izchil choralar amalga oshirilmoqda. Aviaqatnovlar geografiyasi kengaymoqda, yangi muzeylar tashkil etilmoqda, yirik madaniy tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda.
So‘nggi 8 yilda yurtimizga kelgan sayyohlar soni 6 barobar ko‘payib, qariyb 12 million nafarga yetgani alohida qayd etildi. 2030 yilga qadar ularning sonini 20 millionga, turizmning mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotidagi ulushini esa 7 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston va “BMT Turizm” o‘rtasidagi hamkorlik jadal surʼatda rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan taʼkidlandi. 2023 yilda Samarqand shahrida Tashkilot Bosh Assambleyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi, Xalqaro turizm akademiyasi tashkil etildi, yaqinda esa “Ipak yo‘lida turizm” mavzusidagi ofisning ochilishi bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 2027 yilni Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili deb eʼlon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Suhbat chog‘ida tomonlar sheriklikni yanada rivojlantirish, jumladan, sayyohlik sohasida xalqaro huquqiy bazani takomillashtirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ekspertlik va texnik hamkorlikni kengaytirish, turizm sohasi uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash niyatida ekanini qatʼiy tasdiqladilar.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyi boshida Shayxa Nosir Al Novais Madrid shahrida Yevropa mintaqasi elchilari bilan uchrashuvda "O‘zbekiston - go‘zal mamlakat. Men uzoq vaqtdan beri uni ziyorat qilishni orzu qilaman. Umid qilamanki, bu orzu tez orada amalga oshadi”, deya taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi