O‘zbekiston Prezidenti Serbiya tashqi ishlar vazirini qabul qildi
May 06, 2026. 18:55 • 2 daq
• 100
TOSHKENT, 6-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun tashrif bilan mamlakatimizga kelgan Serbiya tashqi ishlar vaziri Marko Jurichni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchichning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni 2025-yil oktyabr oyida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada mustahkamlash istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Hukumatlar, parlamentlar, ishbilarmon doiralar darajasidagi muloqotlar faollashgani, gumanitar almashinuv kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tovar ayirboshlash hajmini oshirish, mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo sanoati, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa ko‘plab muhim tarmoqlarda keng ko‘lamli kooperatsiya dasturini tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Hamkorlikning iqtisodiy kun tartibini ilgari surish maqsadida joriy yilda Belgrad shahrida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olindi.
Uyushgan mehnat migratsiyasi, madaniyat va taʼlim sohalaridagi sheriklik masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar, bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasini muhokama qildilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi