Logo

O‘zbekiston Olmaotada bo‘lib o‘tgan mintaqadagi eng yirik sunʼiy intellekt forumida IT-ekotizimini taqdim etdi

May 06, 2026. 20:06 • 2 daq

10
O‘zbekiston Olmaotada bo‘lib o‘tgan mintaqadagi eng yirik sunʼiy intellekt forumida IT-ekotizimini taqdim etdi
O‘zbekiston Olmaotada bo‘lib o‘tgan mintaqadagi eng yirik sunʼiy intellekt forumida IT-ekotizimini taqdim etdi
O‘zbekiston Olmaotada bo‘lib o‘tgan mintaqadagi eng yirik sunʼiy intellekt forumida IT-ekotizimini taqdim etdi

OLMAOTA, 6-may. /“Dunyo” AA/. Olmaota shahrida ilk bor sunʼiy intellekt, raqamli iqtisodiyot va innovatsion infratuzilmani rivojlantirishga bag‘ishlangan “GITEX AI Kazakhstan” xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Atakent” xalqaro ko‘rgazma markazida o‘tkazilgan forumda sunʼiy intellekt, raqamli texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidagi yangiliklar hamda takliflar muhokama qilindi.

Xalqaro forumda Markaziy Osiyo, Kavkaz, Yaqin Sharq, Yevropa va Osiyodan 400 dan ortiq kompaniya va tashkilotlar, 15 mingdan ziyod ishtirokchi – davlat vakillari, investorlar, ekspertlar va startaplar qatnashdi.

Ochilish marosimida qatnashgan Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev sunʼiy intellekt va raqamli iqtisodiyot mamlakat va mintaqaning barqaror rivoji uchun strategik ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. U AI texnologiyalarini joriy etish iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirish, davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish va inson kapitalini rivojlantirishda muhim ekanini qayd etdi.

Forumda O‘zbekistonning yagona milliy stendi ham namoyish etildi. U Sirdaryo viloyati hokimligi, “IT Park Uzbekistan” va O‘zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi hamkorligida tashkil etildi. Stendda IT Park rezidentlariga mansub o‘ndan ortiq texnologik kompaniya va startaplar o‘z mahsulot va yechimlarini taqdim etdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi B2B shaklidagi uchrashuvlarda ishtirok etib, investorlar va hamkorlar bilan muzokaralar o‘tkazdi hamda forum sessiyalarida qatnashdi.

Ishtirokchilar O‘zbekistonda sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotganini, davlat boshqaruvi va biznes sohalarida AI yechimlari keng joriy etilayotganini taʼkidladi. Shu bilan birga, mamlakat Markaziy Osiyoda AKT va sunʼiy intellekt sohasida yetakchi o‘rinlardan birini egallab, mintaqaviy raqamli transformatsiyaning muhim drayveriga aylanayotgani qayd etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish