Seulda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali qabul marosimi o‘tkazildi
Oktabr 22, 2026. 20:30 • 3 daq
• 56
SЕUL, 22-oktyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi tomonidan mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi hamda ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 34 yilligi munosabati bilan tantanali qabul marosimi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Seulda bo‘lib o‘tgan tadbirda Janubiy Koreya hukumati, vazirlik va idoralari, yetakchi kompaniyalari, moliya institutlari, ishbilarmonlik va sayyohlik doiralari, diplomatik vakolatxonalar, xalqaro tashkilotlar vakillari, ushbu davlatda mehnat qilayotgan hamda tahsil olayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston elchisi Alisher Abdusalomov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, iqtisodiyotning rivojlanishi va kengayib borayotgan investitsiyaviy imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Diplomatimiz 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 7,7 foizga o‘sganini, Janubiy Koreya bilan hamkorlik strategik darajaga ko‘tarilganini ta’kidladi. Bugungi kunda mamlakatda koreys kapitali ishtirokidagi 700 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.
Janubiy Koreya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Chon Iy Xe O‘zbekistonni mustaqillik yubileyi bilan tabriklab, mamlakatimizni Markaziy Osiyodagi muhim hamkori va ishonchli do‘sti ekanini alohida qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyevning sentyabr oyida Seulga amalga oshirgan davlat tashrifi hamkorlikni kengaytirish uchun yangi istiqbollarni ochdi. “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” birinchi sammiti savdo, investitsiya, sanoat, transport, raqamlashtirish, ilm-fan va xavfsizlik sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish uchun qo‘shimcha zamin yaratdi.
Koreya–O‘zbekiston biznes uyushmasi raisi Kim Yon Gu tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, delegatsiyalar tashriflari va B2B formatidagi uchrashuvlarni tashkil etish, Koreya texnologiyalari va boshqaruv tajribasini jalb qilish muhimligini ta’kidladi.
U sanoat, energetika, infratuzilma, raqamli texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish, O‘zbekiston mahsulotlarini Koreya bozoriga olib chiqishga tayyorligini bildirdi.
“Hyundai Rotem” prezidenti Li Yon Be kompaniya O‘zbekiston transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishda ishtirok etayotganini ma’lum qildi. Amaldagi loyiha doirasida oltita zamonaviy tezyurar elektropoyezd yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan. Ulardan to‘rttasi allaqachon keltirilgan va yo‘lovchilarni tashimoqda, yana ikkitasini esa 2026-yil oxirigacha yetkazib berish rejalashtirilgan.
“Korea District Heating Corporation” prezidenti Xa Don Gin Farg‘ona va Navoiy viloyatlarida biomassadan issiqlik va elektr energiyasini birgalikda ishlab chiqarish loyihalari ustida ish olib borilayotgani haqida so‘z yuritdi. Uning fikricha, ushbu tashabbuslar mahalliy xomashyodan samaraliroq foydalanish, energiya ta’minoti barqarorligini oshirish va atmosferaga chiqariladigan zararli tashlamalarni kamaytirish imkonini beradi.
“Shinhan Financial Group” raisi Chjin Ok Don kompaniya O‘zbekistonda “Shinhan Bank” filialini tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlarni olib borayotganini bildirdi. Zarur ruxsatnomalarni olish jarayoni yakunlangach, filialning ochilishi 2027-yilning ikkinchi yarmiga mo‘ljallangan.
Tantanali qabul marosimi doirasida Janubiy Koreyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi. Mehmonlar o‘zbek milliy taomlari hamda O‘zbekistondan keltirilgan sarxil mevalardan tatib ko‘rdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi