O‘zbekiston Prezidenti AQSH savdo vakilini qabul qildi

Iyun 25, 2026. 18:56 • 2 daq

127
O‘zbekiston Prezidenti AQSH savdo vakilini qabul qildi

TOSHKENT, 25-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun AQSHning savdo vakili Jeymison Grirni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuv avvalida vakil O‘zbekiston yetakchisiga AQSH Prezidenti Donald Trampning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekiston – AQSH strategik sheriklik munosabatlarini, avvalo, savdo-iqtisodiy sohada yana-da mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Ishbilarmonlik aloqalari faollashgani, o‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiya ko‘rsatkichlari barqaror o‘sib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Amerika biznesi vakillari bilan o‘tkazilgan davra suhbatining amaliy natijalari muhokama qilindi.

Mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lishi doirasida hamkorlik qilish va ushbu jarayonlar kelgusida ham AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga alohida eʼtibor qaratildi.

Yangi loyihaviy tashabbuslarni aniqlash va ilgari surish uchun Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi mexanizmidan samarali foydalanish muhimligi qayd etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish