“Eurasia Focus”: Yangi O‘zbekiston – erkin yashash, keng hamkorlik va teng huquqli xalqaro muloqot mamlakatidir

Avgust 18, 2026. 18:36 • 2 daq

18
“Eurasia Focus”: Yangi O‘zbekiston – erkin yashash, keng hamkorlik va teng huquqli xalqaro muloqot mamlakatidir

BRYUSSEL, 18-avgust. /“Dunyo” AA/. Belgiyaning “Eurasia Focus” nashrida O‘zbekistonning tashqi siyosati hamda uning mintaqada tinchlik, ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashdagi roliga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda taʼkidlanishicha, mustaqillikning 35 yilligi arafasida qo‘shnilar bilan ochiq va ishonchga asoslangan mustahkam muloqot muhitining yaratilgani mamlakatning asosiy yutuqlaridan biri bo‘ldi. Mustaqillik nafaqat siyosiy suverenitet, balki millatning erkin yashash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va jahon hamjamiyati bilan teng huquqli muloqot olib borish huquqi ekani alohida qayd etilgan.

Maqolada o‘tmishdagi murakkab to‘siqlarni zamonaviy transport yo‘laklari va hamkorlik ramzlariga aylantirgan chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar ham yoritilgan.

Shu bilan birga, Xo‘jand shahrida mamlakat yetakchilarining uch tomonlama uchrashuvi, yangi chegara o‘tkazish punktlari va chegaraoldi savdo hududlarining ochilishi kabi tarixiy voqealar, mintaqaviy tovar ayirboshlash hajmining bir necha barobar oshganiga alohida eʼtibor qaratilgan.

Nashr maʼlumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning barqarorlikni mustahkamlash borasidagi tashabbuslari BMT tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xalqaro ekspertlar Markaziy Osiyoni umumiy orzu-intilishlar va hamjihatlik bilan birlashgan yagona, o‘zaro bog‘liq iqtisodiy makon sifatida eʼtirof etmoqda.

“Eurasia Focus”ning qayd etishicha, o‘tgan o‘n yillik Yangi O‘zbekiston uchun ishonchning yangi meʼmorchiligini muvaffaqiyatli barpo etish davri bo‘ldi va buning sharofati bilan ochiq chegaralar hamda yaxshi qo‘shnichilik butun mintaqa kundalik hayotining ajralmas qismiga aylandi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish