O‘zbekiston Prezidenti Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida qator tashabbuslarni ilgari surdi
May 15, 2026. 19:00 • 4 daq
• 59
TOSHKENT, 15-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Turkiy davlatlar tashkilotining “Sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish” mavzusidagi norasmiy sammitida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, TDT bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev ham qatnashdi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashilib, ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati va amaliy sheriklikning ustuvor yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari nutqining avvalida Buyuk ipak yo‘lining muhim savdo va madaniyat markazi hisoblangan Turkiston shahrida norasmiy sammit yuksak darajada tashkil etilgani uchun Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevga tashakkur izhor etdi.
Shuningdek, TDTdagi samarali raisligi hamda tuzilmaning xalqaro nufuzini mustahkamlash yo‘lida amalga oshirayotgan saʼy-harakatlari uchun Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga minnatdorlik bildirdi.
Turkiy dunyo integratsiyasi qardosh xalqlarimiz taqdiriga bevosita daxldor bo‘lgan uzoq muddatli strategik masalaga aylanayotgani taʼkidlandi.
– Bugungi uchrashuvimiz jahonda turli ziddiyatlar tobora avj olayotgan davrga to‘g‘ri kelmoqda. Xalqaro munosabatlarda ishonch taqchilligi yana-da kuchayib, global institutlarning o‘rni va taʼsiri borgan sari zaiflashmoqda. Bu muammolar bizdan o‘zaro muloqotlarni faollashtirib, muhim masalalar bo‘yicha uyg‘un pozitsiyalarni ishlab chiqishni taqozo etmoqda, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
So‘nggi yillarda Turkiy davlatlar tashkiloti barqaror rivojlanish surʼatlarini namoyish etayotgan nufuzli tuzilmaga aylandi. Jumladan, 2025-yilda davlatlarimiz umumiy iqtisodiy salohiyati 2,4 trillion dollardan oshdi va uning dinamikasi global o‘sishdan ikki barobar yuqori bo‘ldi.
O‘tgan yilning o‘zida O‘zbekistonning TDT mamlakatlari bilan savdo aylanmasi 14 foizga o‘sdi. Joriy yildan Turkiy investitsiya jamg‘armasi operatsion faoliyatini boshladi. Markaziy banklar kengashi, “yashil” moliyalashtirish bo‘yicha Turkiy kengash ishi yo‘lga qo‘yildi.
Davlatimiz rahbari oldinda ko‘p qirrali munosabatlarga tizimli tus berish bo‘yicha dolzarb vazifalar turganini qayd etdi. Qolaversa, sammitning sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish mavzusiga bag‘ishlangani ham bejiz emas.
– O‘lkalarimizda yashab ijod qilgan ulug‘ bobolarimiz – Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek algoritm, matematika, astronomiya va fizika fanlari ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shib, shu tariqa hozirgi sunʼiy intellekt rivoji uchun asos yaratganlar. Biz ajdodlarimizning ana shunday bebaho merosiga tayanib, bugun Turkiy dunyoning yangi raqamli taraqqiyot davrini barpo etyapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz o‘z nutqida ushbu yo‘nalishda hamkorlikni rivojlantirish uchun bir qator aniq tashabbuslarni ilgari surdi.
O‘zbekiston rahbari global texnologik jarayonlarni inobatga olgan holda tashkilot doirasida sunʼiy intellekt sohasida strategik hamkorlik tarmog‘ini shakllantirish lozimligini taʼkidladi. Mazkur tashabbus kvant hisoblash texnologiyalari va yagona raqamli makonni yaratish orqali iqtisodiy o‘sishning yangi nuqtalarini belgilashga xizmat qiladi.
Shuningdek, mintaqaviy maʼlumotlar almashinuvini taʼminlovchi “Raqamli turkiy koridor konsepsiyasi”ni ishlab chiqish va Toshkent shahrida TDT aʼzo davlatlarining Texnologiyalar forumini o‘tkazish taklif etildi.
Ilmiy-maʼnaviy merosni puxta o‘rganish va targ‘ib etish uchun Toshkent shahrida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqaviy yirik ilmiy-maʼrifiy maskanga aylanib bormoqda. Shu kunlarda majmuada TURKSOYning ofisi ochildi.
– Ushbu markaz TURKSOY va Turkiy akademiya bilan tarixiy-madaniy manbalarimizni yagona “katta maʼlumotlar” platformasiga jamlasa, xalqlarimiz uchun foydali ish bo‘lar edi, – dedi davlatimiz rahbari.
Sammitda Yassaviy tariqatining bag‘rikenglik va maʼrifatparvarlik g‘oyalarini hamkorlikda chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish taklifi ham berildi.
Yosh avlodni zamonaviy kasblarga tayyorlash maqsadida O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan “5 million sunʼiy intellekt yetakchilari” dasturi yuqori baholanmoqda. Prezidentimiz yoshlarning startap loyihalarini moliyalashtirish uchun O‘zbekiston va Qozog‘iston tomonidan tashkil etilayotgan Qo‘shma venchur jamg‘armasiga aʼzo davlatlarni qo‘shilishga chorladi.
Yuk tashish jarayonlarini soddalashtirish maqsadida aʼzo davlatlar o‘rtasida “E-Permit” elektron ruxsatnomalar tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Strategik ahamiyatga ega bo‘lgan o‘rta koridorni ayni paytda qurilayotgan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li bilan bog‘lash hamda bojxona maʼlumotlari almashinuvini to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha amaliy vazifalar belgilab berildi.
Iqlim o‘zgarishiga qarshi muvofiqlashtirilgan harakatlarni tashkil etish maqsadida 2027 yilni turkiy dunyoda “Tabiatni asrash yili” deb eʼlon qilish tashabbusi ilgari surildi.
Shu bilan birga, sunʼiy yo‘ldosh maʼlumotlari asosida TDT iqlim xatarlarini monitoring qilib borish tizimini yaratish hamda qurg‘oqchilikni barvaqt aniqlash, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish jarayoniga sunʼiy intellektni tatbiq etish zarurligi qayd etildi.
Terrorizm, ekstremizm va kibertahdidlarga qarshi kurashishda mustahkam huquqiy va texnologik zamin yaratish maqsadida Kiberxavfsizlik va raqamli infratuzilmani himoya qilish bo‘yicha Turkiy alyansni tuzish taklifi berildi.
O‘zbekiston yetakchisi o‘z nutqi yakunida taʼkidlaganidek, intellektual salohiyat va birlikning uyg‘unligi Turkiy dunyoni barqaror taraqqiyot va ilg‘or yechimlar makoniga aylantiradi.
Sammit yakunida Turkiston deklaratsiyasi qabul qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

O‘zbekiston va Turkiya yetakchilari strategik sheriklikni yana-da mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar



