Tailandda alkogol mahsulotlarini sotish va isteʼmol qilish bo‘yicha yangi cheklovlar joriy etildi

May 15, 2026. 16:55 • 2 daq

2
Tailandda alkogol mahsulotlarini sotish va isteʼmol qilish bo‘yicha yangi cheklovlar joriy etildi

BANGKOK, 15-may. /“Dunyo” AA/. Tailand OAVda alkogol mahsulotlarini muayyan joylar va hududlarda sotish hamda isteʼmol qilishni tartibga soluvchi sakkizta yangi meʼyoriy hujjat rasman eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur qoidalar shu yil 12-may kunidan eʼtiboran kuchga kirdi. Yangi chora-tadbirlar 2008-yilda qabul qilingan “Alkogol mahsulotlarini nazorat qilish to‘g‘risida”gi qonunni zamonaviy talablar asosida takomillashtirish va uning samaradorligini oshirishga qaratilgan.

Yangilangan tartibga ko‘ra, transport infratuzilmasi va davlat nazoratidagi qator hududlarda alkogol mahsulotlarini sotish hamda isteʼmol qilishga nisbatan qatʼiy cheklovlar o‘rnatildi.

Xususan, avtomobil yo‘llarida, transport vositalarida va qatnov qismida to‘xtab turgan avtomobillarda spirtli ichimliklarni sotish taqiqlandi. Mazkur chora yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash va safar davomida alkogol isteʼmoli bilan bog‘liq xavflarni kamaytirishga qaratilgan.

Shu bilan birga, temir yo‘l transporti sohasida ham yangi cheklovlar joriy etildi. Endi temir yo‘l vokzallari va poyezdlarda alkogol mahsulotlarini sotishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yangi qoidalar suv va yer usti jamoat transporti obyektlarini ham qamrab olgan. Jumladan, yo‘lovchi pirslari, parom terminallari, avtobus bekatlari, avtovokzallar va boshqa jamoat transport tugunlarida alkogol mahsulotlarini sotish yoki isteʼmol qilish taqiqlandi.

Bundan tashqari, fabrikalar hududida ham spirtli ichimliklarni sotish va isteʼmol qilish man etildi. Faqat alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun istisno saqlanib qolgan bo‘lib, ular o‘z faoliyati doirasida mahsulot sotishi va degustatsiya tadbirlarini o‘tkazishi mumkin.

Yangi tartib davlat boshqaruvidagi hududlarga ham tatbiq etildi. Davlat organlari, davlat korxonalari va boshqa davlat muassasalari foydalanuvidagi hududlarda alkogol mahsulotlarini sotish yoki isteʼmol qilish taqiqlanadi. Shuningdek, davlat idoralari va korxonalariga qarashli jamoat bog‘larida ham alkogol mahsulotlari sotilishiga ruxsat berilmaydi.

Tailand hukumati mazkur choralarni jamoat tartibini saqlash, xavfsizlikni kuchaytirish va alkogol isteʼmoliga nisbatan masʼuliyatli munosabatni shakllantirishga qaratilgan siyosatning bir qismi sifatida izohlamoqda.

Tailandga safar qiladigan O‘zbekiston fuqarolari uchun ushbu yangi qoidalardan xabardor bo‘lish muhim ahamiyatga ega. Bu, ayniqsa, jamoat transportidan foydalanish yoki davlat va jamoat joylariga tashrif buyurish vaqtida turli tushunmovchiliklar hamda ehtimoliy jarimalarning oldini olishga yordam beradi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish