O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari Turkistonda ikki tomonlama munosabatlar kun tartibining dolzarb masalalarini muhokama qildilar
May 15, 2026. 13:35 • 2 daq
• 69
TOSHKENT, 15-may. /“Dunyo” AA/. Turkiston shahrida bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti doirasida bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, samimiy muloqotda O‘zbekiston – Qirg‘iziston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zaro savdo hajmi jadal o‘sib, sanoat, qishloq, suv xo‘jaligi va boshqa ustuvor sohalarda kooperatsiya loyihalari ilgari surilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Madaniy-gumanitar almashinuvlar kengayib bormoqda.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari, energetika va transport sohalaridagi yirik mintaqaviy loyihalarni, shu jumladan, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishini jadallashtirish choralari muhokama qilindi.
Shuningdek, yetakchilar mintaqaviy kun tartibining muhim jihatlari yuzasidan fikr almashdilar va bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




