Andijonda 206 ta yangi investitsiya loyihasi ishga tushirildi va qurilishi boshlandi
Sentabr 23, 2026. 14:49 • 3 daq
• 93
TOSHKENT, 23-sentabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi doirasida bugun yangi investitsiya loyihalarini ishga tushirish va ularning qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda hududda tadbirkorlik va investitsiyalar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Marosimda umumiy qiymati 9 milliard 400 million dollar bo‘lgan 206 ta loyiha qamrab olindi. Shundan 2 milliard 50 million dollarlik 98 ta loyiha ishga tushirildi, 7 milliard 350 million dollarlik 108 ta loyihaning qurilishi boshlandi.
Ushbu loyihalar energetika, qurilish, to‘qimachilik, mashinasozlik, ta’lim, turizm, logistika, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash kabi muhim sohalarni qamrab olgan. Ular viloyatning barcha 16 ta shahar va tumanida amalga oshiriladi.
Xususan, paxta-to‘qimachilik klasteri, elektr energiyasini saqlash va taqsimlash tizimi, mebelsozlik va charm-poyabzal sanoat zonalari, elektr avtobuslar, quyosh panellari va mikrogidroenergetika uskunalari ishlab chiqarish, shuningdek, zamonaviy ta’lim va tibbiyot markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Yangi loyihalar doirasida zamonaviy turar joy majmualari, xalqaro logistika va turizm markazlari, gidroelektr stansiyasi, chiqindilarni qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonasi, transport vositalari va yuk vagonlari ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish ko‘zda tutilgan.
Loyihalar Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya, AQSh, Rossiya, Belarus, Germaniya, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari va Tojikiston kompaniyalari hamda mahalliy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Ularning ro‘yobga chiqarilishi natijasida 45 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi, yiliga 60,6 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va 533 million dollarlik eksport imkoniyati shakllanadi.
Marosimda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan mas’ullar, xorijlik hamkorlar va tashabbuskorlar videoaloqa orqali ishtirok etdi. Ular loyihalarning ahamiyati, amalga oshirish jarayoni va ishga tushirish muddatlari haqida axborot berdi.
Davlatimiz rahbari mazkur tashabbuslarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijlik hamkorlar va mahalliy tadbirkorlarga minnatdorlik bildirdi.
Prezidentimiz ramziy tugmani bosib, 98 ta yangi loyihani ishga tushirdi va 108 ta obyekt qurilishiga start berdi. Shundan so‘ng investorlar va hudud faollari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi