Tbilisida O‘zbekiston va Gruziya Prezidentlarining muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Iyul 02, 2026. 21:18 • 2 daq
• 60
TOSHKENT, 2-iyul. /“Dunyo” AA/. Bugun Gruziyaga davlat tashrifi doirasida Tbilisi shahridagi Orbeliani saroyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvilining muzokaralari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston–Gruziya ko‘p qirrali munosabatlarini yana-da kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston yetakchisi Gruziya Prezidentiga samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, ushbu mamlakatga davlat tashrifi so‘nggi 23 yilda ilk bor amalga oshirilayotganini alohida taʼkidladi.
Parlamentlar, hukumatlar va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, tovar ayirboshlash hajmi 270 million dollarga yetdi, qo‘shma loyiha va korxonalar soni ortib bormoqda. Mamlakatimizda Gruziyaning birinchi raqamli banki – “TBC” muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Toshkent bilan Tbilisi va Batumi shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning mart oyida O‘zbekiston poytaxtida Gruziya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
O‘zaro savdo hajmini, jumladan, Poti va Batumi portlari salohiyatidan samarali foydalanish orqali yana-da oshirish masalalariga ustuvor eʼtibor qaratildi.
Farmatsevtika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, transport, energetika, raqamli texnologiyalar va turizm sohalarida kooperatsiyani rivojlantirish uchun imkoniyatlar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.
Ishbilarmonlik, turistik va gumanitar almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish uchun hududlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Mixail Kavelashvilini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi