Toshkent–Parkent temir yo‘li hududning transport imkoniyatlarini kengaytirmoqda

Noyabr 20, 2026. 14:40 • 3 daq

• 180
Toshkent–Parkent temir yo‘li hududning transport imkoniyatlarini kengaytirmoqda

TOSHKЕNT, 20-noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkent shahridan Parkent tumaniga elektropoyezdda keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil 27-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining transport-logistika tizimini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, poytaxt bilan Parkent tumanini bog‘lash maqsadida yangi elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi qurildi. Joriy yilning sentyabr oyidan Toshkent – Parkent yo‘nalishida elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilgan.

Mazkur temir yo‘l poytaxt va Parkent o‘rtasidagi transport aloqalarini mustahkamlash bilan birga aholining harakatlanish imkoniyatlarini kengaytirish, tumanning turistik jozibadorligini oshirish, tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Loyiha doirasida 535,4 milliard so‘m hisobidan 24 kilometrlik Baytqo‘rg‘on – Parkent elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi qurildi. Bitta yangi bekat, uchta ko‘prik, avtomobil yo‘l o‘tkazgichi, 77 ta suv o‘tkazish inshooti hamda 16 ta avtomobil va temir yo‘l kesishmasi barpo etildi.

Shuningdek, 24 kilometrlik kontakt tarmog‘i va elektr uzatish liniyasi qurildi. Loyiha natijasida 40 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Toshkent va Parkent o‘rtasidagi umumiy masofasi 57,6 kilometr bo‘lgan yo‘nalishda oltita vagondan iborat zamonaviy “EP3D” elektropoyezdi qatnamoqda. Qiymati 124 milliard so‘mlik poyezd 586 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, soatiga 120 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi.

Elektropoyezd Toshkentdan Parkentgacha bo‘lgan masofani 1 soat 13 daqiqada bosib o‘tadi. Yo‘l haqi 10 ming so‘m etib belgilangan bo‘lib, ushbu yo‘nalishdagi taksi xizmati o‘rtacha narxidan 2,5 barobar arzon.

Yangi yo‘nalishda kuniga 2 ming nafargacha, yiliga esa 300 ming nafar yo‘lovchini tashish imkoniyati mavjud.

Elektropoyezdda yo‘lovchilar uchun zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Vagonlar iqlim nazorati tizimi, qulay o‘rindiqlar, USB quvvatlash nuqtalari va bepul Wi-Fi bilan jihozlangan.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus ko‘targichlar va moslashtirilgan joylar, velosipedlarni tashish moslamalari hamda elektron axborot tablolari o‘rnatilgan. Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida videokuzatuv va to‘qnashuv paytida zarba kuchini kamaytiruvchi tizimlar nazarda tutilgan.

Safar chog‘ida Prezidentimiz Toshkent viloyatining iqtisodiy salohiyatidan yanada samarali foydalanish masalalariga e’tibor qaratdi. Xususan, yer resurslaridan unumli foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi va mahsulotlarni qayta ishlash tarmoqlari salohiyatini kamida ikki barobar oshirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari Parkentning yangi vokzal stansiyasi bilan tanishar ekan, temir yo‘l infratuzilmasini yanada takomillashtirish, vokzallarda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, yo‘lovchilar uchun qulay sharoitlarni kengaytirish, qatnovlar samaradorligini ta’minlash va temir yo‘lga tutash hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish