O‘zbekiston – Turkiya iqtisodiy hamkorligining yangi ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi

95
O‘zbekiston – Turkiya iqtisodiy hamkorligining yangi ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi

TOSHKENT, 19-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston–Turkiya biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajadagi kengashning birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz, shuningdek, ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari va banklari rahbarlari qatnashdi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan erishilgan kelishuv asosida tashkil etilgan ushbu yangi mexanizm ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Kengashning birinchi yig‘ilishi doirasida o‘tkazilgan biznes forumida 200 dan ziyod tadbirkorning faol ishtirok etgani o‘zaro sheriklikni kengaytirishga bo‘lgan yuksak qiziqishdan dalolat berishi qayd etildi.

– Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida 2017-yildan buyon iqtisodiyotimiz uch barobarga o‘sdi, 150 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb etildi. Ushbu jarayonda bizga doim yelkadosh bo‘lib kelayotgan strategik sherigimiz – Turkiya bilan hamkorlik muhim o‘rin tutadi, – dedi Prezidentimiz.

Davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada jadallashtirish maqsadida qator ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi.

Xususan, tog‘-kon sanoati va “yashil” energetikani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, organik o‘g‘itlar ishlab chiqarish, zamonaviy issiqxonalar qurish va suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, shuningdek, mahsulot yetishtirishdan uni iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan yaxlit qiymat zanjirini shakllantirishda hamkorlikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Elektrotexnika sanoati mamlakatimizda eng jadal rivojlanayotgan tarmoqlardan biri ekani ta’kidlandi. Turkiya kompaniyalari misni chuqur qayta ishlash, elektronika mahsulotlari, transformatorlar, maishiy texnika va elektr uskunalari ishlab chiqarishda mahalliy korxonalar bilan kooperatsiyani kengaytirishga taklif etildi.

“Yangi Toshkent” megaloyihasi doirasida zamonaviy tijorat va turar joy majmualari, mehmonxonalar barpo etish, shuningdek, pulli avtomobil yo‘llari va logistika markazlarini rivojlantirishda turk sarmoyadorlarining ishtiroki olqishlandi.

Mamlakatimizda tibbiy mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, farmatsevtika sohasida keng imtiyozlar taqdim etilayotgani bildirildi. Turkiyalik investorlar mazkur yo‘nalishda ham yaqin hamkorlikka taklif qilindi.

Turkiya kompaniyalari bilan davlat-xususiy sheriklik asosida qator loyihalar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Ushbu mamlakat banklari, investitsiya fondlari va yirik sanoat korxonalari xususiylashtirish jarayonlari hamda davlat-xususiy sheriklik dasturlarida faol ishtirok etishga chaqirildi.

Shuningdek, avtomobilsozlik, energetika, sun’iy intellekt va dasturiy ta’minot sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish, bank sektoridagi islohotlarda ishtirok etish taklif qilindi.

O‘zbekistonda sarmoyadorlar uchun qulay sharoitlar yaratish, jumladan, maxsus iqtisodiy zonalarda keng imtiyozlar berish siyosati izchil davom ettirilishi bildirildi.

– Biz bundan buyon ham mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlar uchun ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan islohotlarni izchil davom ettiramiz, – dedi davlatimiz rahbari so‘zining yakunida.

Yig‘ilishda kengash hamraislari – O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva va Turkiya vitse-prezidenti Javdat Yilmaz ham so‘zga chiqdilar.

Turkiya kompaniyalari rahbarlari Prezidentimiz bilan muloqot chog‘ida ularning faoliyatiga yaratilayotgan keng imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatimizda amalga oshirayotgan loyihalari va kelgusidagi rejalari haqida so‘zlab berdilar, o‘z fikr-mulohazalari hamda takliflarini bayon qildilar.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish